Toshkent Oriental universitetida XII asrning buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Xoqoniy Shirvoniy tavalludining 900 yilligi munosabati bilan “Xoqoniy Shirvoniy nomidagi Turkologiya tadqiqotlari auditoriyasi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi hamda universitet hamkorligida tashkil etildi.
Marosimda madaniyat arboblari, shoir va yozuvchilar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Akif Marifli o‘z nutqida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi auditoriya talabalar uchun ozarbayjon tili, adabiyoti, tarixi va madaniyatini o‘rganishga xizmat qiladigan ilmiy-ma’rifiy maskan vazifasini bajaradi.
Universitet birinchi prorektori Baxtiyor Arabov esa mazkur tashabbus nafaqat universitet, balki butun turk dunyosi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini bildirdi.
Auditoriya Ozarbayjon va O‘zbekiston do‘stligini aks ettiruvchi milliy ramzlar, portretlar, kitoblar, milliy cholg‘ular va madaniy eksponatlar bilan bezatilgan.
Ta’kidlanishicha, mazkur yangi ta’lim va madaniyat maskani ikki qardosh davlat o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.