Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi 2027-yilgi konferensiyasi, taqdirlash marosimi va Bosh assambleyasini Toshkentda tashkil etishga qaror qildi. Shu tariqa, O‘zbekiston mazkur tadbirlarga tarixida ilk bor mezbonlik qiladi.
Poytaxt mezbonlik huquqini Osiyoning beshta Milliy Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan bildirilgan takliflar orasidagi tanlovda qo‘lga kiritdi.
Tadbirlar davomida qit’aning 45 ta Milliy Paralimpiya qo‘mitasi vakillari Toshkentda jamlanishi kutilmoqda. Shuningdek, APC Ijroiya kengashi a’zolari, sportchilar, xalqaro federasiyalar, musobaqa tashkiliy qo‘mitalari hamda boshqa xalqaro sport tashkilotlari vakillari ham ishtirok etadi.
Tashrif dasturining asosiy qismlaridan biri APC konferensiyasi bo‘ladi. Unda Osiyoda Paralimpiya harakatini rivojlantirish, dolzarb masalalar va kelgusidagi istiqbollar yuzasidan ma’ruzalar, munozaralar hamda seminarlar o‘tkaziladi.
Konferensiyadan keyin Bosh assambleya tashkil etiladi. Unda qo‘mita a’zolari tashkiliy va strategik masalalarni ko‘rib chiqib, mintaqadagi Paralimpiya harakatining kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydi.
Toshkentdagi tadbirlar doirasida Osiyo mukofotlari topshirish marosimi ham o‘tkaziladi. Unda qit’adagi Paralimpiya harakatiga katta hissa qo‘shgan hamda yuqori natijalarga erishgan sportchi va mutaxassislarning mehnati e’tirof etiladi.