Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Omsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ukrainadagi urushni vaqtincha to‘xtatish va «Istanbul formulasi 2.0»ga qaytishni taklif qildi.
Toqayevning ta’kidlashicha, 2022 yilda Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralarda muayyan natijalarga erishilgan edi. Uning fikricha, Rossiyani ham o‘z ichiga olgan yirik davlatlar kafolati ostida mojaroni muzlatish va keyinchalik tinchlik sari harakat qilish mumkin.
«Ehtimol, bu mojaroni muzlatib, Istanbul formulasi 2.0ga qaytish vaqti kelgandir. U yerda sezilarli natijalarga erishilgan edi», — dedi Toqayev.
Shu bilan birga, u bu masalada vositachi bo‘lish niyati yo‘qligini bildirdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u mazkur fikrni jamoatchilik iltimosiga ko‘ra Putinga yetkazgan.
Toqayev urushni to‘xtatish zarurligini ta’kidlab, har ikki tomonda yoshlar halok bo‘layotganini va bu Rossiya hamda Ukraina xalqlari uchun katta yo‘qotish ekanini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan, ammo tayyorlangan memorandum amalga oshmay qolgan. Moskva Kiyevni G‘arb bosimi ostida mazkur kelishuvdan voz kechganlikda ayblasa, Ukraina hujjatda nazarda tutilgan hududiy yon berishlarni qabul qilmasligini bildirib keladi.