1773 yili ingliz olimi Stefan Xeyls qon bosimini o‘lchovchi asbob yaratdi va buni ilk bor otlarda sinab ko‘rdi. Ushbu asbob hozirgi tonometrlardan birmuncha farqli bo‘lib, arqon, asalli nay, oynali probirkadan iborat edi.
Fransiyalik Jan Lui yuz yil o‘tib tonometrni mukammallashtirdi. U orqali arteriyadagi holatni aniqroq bilish mumkin edi. Shundan so‘ng turli yurtlardagi yana bir qancha olimlar qon bosimini o‘lchovchi asbob yaratishga urinib ko‘rdilar.
1856 yili jarroh shifokor Favr qon bosimini o‘lchashda raqamlardan foydalanishni joriy etdi. U operasiya payti arteriyani simobli manometrga ulab qo‘ygan va aniq natijani olishga erishgan.
Avstriyalik shifokor Samuel Zigfrid yaratgan qon bosim o‘lchagich sfigmomanometr deb nomlangan. Unda suv to‘ldirilgan rezinali qopchadan foydalanilgan bo‘lib, sistolik bosimni yaxshi o‘lchardi.
1896 yili Ssipion tomonidan tuzib chiqilgan tonometr esa hozirgi asbobga nisbatan yaqin bo‘lib, foydalanish oddiy va xavfsiz edi. Faqat manjet juda qisqa, 5 santimetrni tashkil etardi. 1901 yili Genrix ismli olim manjetni 12 sm.gacha uzaytirdi.
1905 yili jarroh Nikolay qon bosimini o‘lchashda ovozli metoddan foydalanish, ya’ni pulsasiyaga quloq tutishni joriy etdi. Bilasizki, bu xozir ham qo‘llaniladi. Shu sabab ham Nikolayning tonometri tibbiyotchilar tomonidan haqiqiy deb topilgan.
Nikolay rus-yapon urushi payti gospitalda ishlab, yaralangan askarlarni operasiya qildi. Shunda arterial bosim holatidan xabardorlik naqadar muhimligini tushundi. Chunki gangrenaning oldini olish uchun zararlangan tomirni tinmay eshitib turish kerak edi. Olim taassurotlarini ilmiy asoslab, ma’ruza tayyorladi va matbuotda chop etdi. Atigi 281 so‘zdan iborat matnda tonometrning funksiyalari tushuntirilgan edi. Ixtiro qon-tomirlar jarrohligida muhim ahamiyat kasb etdi.
Oradan 60 yil o‘tib, amerikalik shifokor Seymur avtomatik tonometrni ixtiro qildi, unda rezinali qopcha kompressorga, stetoskop mikrofonga almashgan edi.
Tonometrning muomalaga kirishi tibbiyot rivojiga katta xissa qo‘shdi. Arterial bosim holatidan xabardorlik shifokor va bemorlarga vaqtida chora ko‘rish, xavfli holatlardan saqlanish imkonini berdi.