Bugun 30 iyun, 2025 yil, dushanba

КИР

Tojikistondan Iroqqa ketayotgan yuk transport vositasi O‘zbekistonda nega to‘xtatib qolingandi?

A A A
Tojikistondan Iroqqa ketayotgan yuk transport vositasi O‘zbekistonda nega to‘xtatib qolingandi?

Bir necha kun oldin “Oybek“ O‘simliklar karantini chegara maskani orqali Tojikiston Respublikasidan Iroq davlatiga tranzit bo‘lib o‘tayotgan quruq meva yuklangan avtotransport vositasi karantin ko‘rigidan o‘tkazilgan va to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Sababi esa unda eksportyor davlatning fitosanitariya sertifikati va O‘zbekiston respublikasi hududidan tranzit olib o‘tish uchun karantin inspeksiyasi tomonidan beriladigan karantin ruxsatnomasi bo‘lmagan. Shu sababli dalolatnoma tuzilib avtotransport vositasi vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Qo‘shni davlatning yuki qancha vaqt ushlab turilgan? Karantin ruxsatnomasini olish tartibi va pandemiya vaziyatida bunday voqealarning salbiy oqibatlari haqida batafsil bilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga murojaat qildik.

– Bu xabar ko‘pchilikning xavotiriga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, O‘zdavkarantin inspeksiyasi xodimlari bir necha daqiqa ichida muammoni hal etishgan. Eksportyor davlatning karantin xizmati bilan aloqaga chiqilganda, ayon bo‘ldiki, aslida, ushbu mahsulotlar Tojikiston karantini xizmati tomonidan tekshirilib, fitosanitariya sertifikati taqdim etilgan. Biroq yuk mashinasi haydovchisi bunday ruxsatnomani O‘zdavkarantin inspeksiyasi xodimlariga ko‘rsata olmagan. Boshqacha qilib aytganda, e’tiborsizlik sabab bo‘lgan. Mahsulotning turib qolmasligi maqsadida inspeksiya xodimlari shu yerning o‘zida karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirish bilan birga mahsulot uchun Tojikiston tarafdan berilgan fitosanitar sertifikat bilan ham ta’minlagan. Shunday qilib, umumiy hisobda 25 daqiqa ichida yuk belgilangan manzilga jo‘nab ketgan. Faraz qilaylik, mahsulot uchun karantin ruxsatnomasi va fitosanitariya sertifikati O‘zbekiston hududida aniqlashtirilib, ta’minlab berilmaganda edi, mahsulot Iroq chegarasidan xalqaro tartibga muvofiq, eksportyor davlat hisoblanmish Tojikiston Respublikasiga qaytarib yuborilishi mumkin edi, – deydi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Durdona Ochilova. – Joriy yilning yanvar oyidan boshlab, yangi elektron tizim amaliyotga tatbiq etilgan. Singlewindow.uz saytida joylangan uch xil videorolikda tadbirkorlarga elektron ariza topshirish tartibi sodda qilib tushuntirilgan. Shunday bo‘lsada, ko‘pchilik tadbirkorlar bu masalada e’tiborsizlik qilmoqda. Chegara postga yetib kelganda ruxsatnomasi yo‘qligi esiga tushib qoladi va muammo yuzaga chiqadi.

E’tibor qiling, burunlari mahsulotni import qilishda karantin ruxsatnomasini olish uchun 6 xil qog‘oz shaklidagi hujjatlar bilan 30 kun oldin murojaat qilish lozim edi. Mahsulotni eksport qilishda esa fitosanitariya sertifikatini olish uchun 15 kun vaqt sarflangan. Bunday muddat mahsulotlarning sifati va eksportbopligi pasayishiga sabab bo‘lgan.

Bugungi kunga kelib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan talablar asosida soha tubdan qayta shakllantirildi. Tadbirkorlar uchun imkoniyatlar eshigi kengroq ochildi.

Endilikda tadbirkor mahsulotni import qilishda karantin ruxsatnomasini olish uchun O‘zdavkarantin inspeksiyasining elektron tizimi orqali bor-yo‘g‘i 1 soat ichida rasmiylashtirib beriladi. Faqatgina, tadbirkorlar elektron arizani mahsulot eksportyor davlatdan yuklanishidan oldin taqdim etishlari lozim. Chunki karantin ruxsatnomasida belgilangan talablarga eksportyor davlatning chiqarayotgan mahsuloti va fitosanitar sertifikati muvofiq bo‘lishi lozim. Bu o‘z navbatida, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, davlatlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va karantin zararkunandalarini bir hududdan boshqa hududga tarqalishini oldini olishning eng maqbul yo‘li.

Eksportda esa mahsulot fitosanitar tozaligini kafolatlovchi fitosanitariya sertifikati tadbirkor murojaatiga ko‘ra, 1 kunda, laboratoriya natijalarining ijobiyligiga asoslanib, rasmiylashtirib berilmoqda.

Bu talab har bir davlatning O‘simliklar karantini xizmati uchun o‘ta muhim hisoblanadi. Jumladan, bizning ham muddaomiz shu! Sababi, kafolatsiz karantin ob’ektlari bilan davlatlar hududiga kirgan zararli organizmlar xuddi koronavirus singari keng masshtabda tarqalib, iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazadi! Xorij bozoridagi eksport-import tizimida davlatlar o‘rtasida karantin, ya’ni cheklov o‘rnatilishiga sabab bo‘ladi!

Shunday ekan nafaqat xorijiy, balki mahalliy tadbirkorlardan ham qulay imkoniyatdan yetarlicha foydalanish tavsiya etiladi. Yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doimiy e’tiborda ekanini unutmaylik!

Kiritildi: 18:48 30.04.2020. O'qildi: 4942 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!