Tojikistonning Tojikobod tumanidagi Ismoil Somoniy cho‘qqisining yuqori qismida muzlikdan katta muz massasi uzilib tushdi, deb xabar berdi mamlakat Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi.
Unga ko‘ra, hodisa 25 oktyabr kuni soat taxminan 11:00 da Safedobi qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan.
Muzlikning uzilgan qismi daraga sirg‘alib tushgan, ammo soat 14:00 ga kelib vaziyat to‘liq nazoratga olingan.
Uzilgan qismning uzunligi taxminan 2 kilometr, balandligi 25 metr va kengligi 150-200 metr deb taxmin qilinmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yoki jiddiy zarar kuzatilmagan.
Biroq, mutaxassislar uzoq davom etgan yomg‘ir yog‘ishi va muzlikning yana uzilib tushishi Gulrez qishlog‘ida qishloq xo‘jaligiga tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Mahalliy hokimiyat va qutqaruv xizmatlari vaziyatni kuzatishda davom etmoqda va har qanday o‘zgarishlarga tezda javob berishga tayyor.
Ismoil Somoniy muzligi Tojikistonning tog‘li hududlaridagi eng yirik muzliklardan biridir.
Mutaxassislar muzlikning uzilib tushishini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda, bu esa mintaqada tabiiy ofatlar xavfini oshiradi. Muzliklarning qisqarishi uzoq muddatli jiddiy ekologik va iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi haqida xabar berildi.
Bu voqea yana bir bor iqlim o‘zgarishi va uning muzliklar hamda mintaqa ekologiyasiga ta’siriga e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatdi.
Keyingi voqealar rivojini baholash va halokatli oqibatlarning oldini olish uchun zaruriy choralarni ko‘rish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom etmoqda, deb xabar berdi asiaplustj.info.