O‘zbekiston U23 terma jamoasi bosh murabbiyi Osiyo kubogi final bosqichi doirasidagi Yaponiyaga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berib o‘tdi.
– Ertaga qiziqarli uchrashuv kutib turibdi. Bir biriga munosib ikki jamoaning o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. 2 yil avvalgi Osiyo kubogida ular kabi biz ham yosh tarkib bilan harakat qilgan edik. Shuningdek, finalga yetib kelgani va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgani bilan Yaponiya jamoasini qutlayman.
Ertaga raqibning o‘yin uslubi haqida
– Ikkala jamoa bir-birini yaxshi biladi. Ularning o‘yinlarini tahlil qilib chiqdik. Final uchun tayyorlagan rejamiz bor va shunga asosan o‘yin ko‘rsatamiz.
Olimpiada yo‘llanmasi o‘zbek futboli uchun qanday ahamiyat kasb etishi haqida
– Biz bu natijadan juda ham xursandmiz. Zero, futbolimiz tarixida dastlabki Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqdik. Bizgacha jamoalarimiz harakat qilishgan edi. Lekin qaysidir pallada ularga omad yetishmagan. Olimpiada lisenziyasi kuchimizga yanada kuch qo‘shmoqda. Ertangi finalda yanada yaxshi o‘ynashga harakat qilamiz.
Legionerlarning finalda ishtirok etolmasligi haqida
– Agar legionerlarimiz finalda ham ishtirok etishganida, boshqacha bo‘lar edi. Lekin biz Qatarga 11 ta emas, 23 ta futbolchi bilan tashrif buyurganmiz. 3 nafar o‘yinchi ketgani bilan u qadar katta o‘zgarish bo‘lmaydi. Har bir o‘yinimiz ko‘rsatdiki, jamoada ularning o‘rnini to‘ldira oladigan yigitlar bor va ular buni bildirishmaydi. Fursatdan foydalanib, mezbonlarga ajoyib tashkilotchilik va mehmondo‘stlik uchun jamoam nomidan minnatdorchilik bildirib qolaman.