Bugun 27 dekabr, 2024 yil, juma

КИР

TikTok uyg‘ur huquqlari haqidagi videolarni o‘chirishni boshladi

TikTok uyg‘ur huquqlari haqidagi videolarni o‘chirishni boshladi

TikTok foydalanuvchilari ilovadagi uyg‘urlar huquqlari buzilishiga oid videolar ommaviy ravishda o‘chirilgani haqida xabar berishni boshladi.

Jumladan, uyg‘ur talaba Nafisa O‘g‘uz yaqinda Xitoydagi uyg‘ur genosidi mavzusini muhokama qilgan videoni yuklagan edi. Videoda u taniqli turk siyosatchisi Dog‘u Perinjik bilan munozarada ishtirok etgan, biroq ertasi kuni video “jamiyat qoidalarini buzgani” uchun o‘chirib tashlangan.

Bundan tashqari, Xitoy siyosatini tanqid qiluvchi kontentlar ham olib tashlanmoqda.

O‘zini hukumatdan mustaqil deb da’vo qilganiga qaramay, TikTok Xitoy rasmiylari manfaatlari yo‘lida senzurani qo‘llab-quvvatlayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda. Platforma algoritmlari muxolifat qarashlarini yo‘qotish bilan birga, Xitoy hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi ma’lumotlarning keng tarqalishiga yordam bermoqda. Uyg‘ur faollari sahifalarining bloklanishi va videolarining o‘chirilishi bunga yorqin misol bo‘la oladi.

TikTok va Xitoy hukumati senzurasi

TikTok'da uyg‘urlar huquqlari masalasidagi senzura bilan bog‘liq bir qancha e’tiborga molik voqealar sodir bo‘lgan.

Xitoy senzurasini tanqid qiluvchi videolarning bloklanishi (2020-2021)

2021 yilda TikTok Xitoy hukumati tomonidan uyg‘urlar huquqlarini poymol etilayotgani tanqid qilingan videolarni o‘chirishni boshlagani noroziliklarga sabab bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, kompaniya buni "moderasiya xatosi" bilan izohlab, kechirim so‘radi. Biroq ko‘plab foydalanuvchilar buni Xitoy hukumati tomonidan uyushtirilgan senzura natijasi deb da’vo qilishdi.

Uyg‘urlarni qayta tarbiyalash lageri video bilan bog‘liq voqea (2020)

2020 yilda Shinjondagi uyg‘urlar uchun qurilgan qayta tarbiyalash lagerlari mavjudligi muhokama qilingan bir qancha videolar TikTokdan olib tashlandi. Ushbu videolarda foydalanuvchilar lagerlardagi shafqatsizlik, qiynoqlar va odamlarni uylaridan majburan olib chiqish haqidagi hikoyalarni bo‘lishdi. Bu, shuningdek, Xitoy rasmiylarining TikTok'ka Xitoy imidjiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar tarqalishining oldini olish uchun qilgan bosimi natijasidir.

Inson huquqlari tashkilotlari hisoboti (2021)

2021 yilda Human Rights Watch va Amnesty International kabi inson huquqlari tashkilotlari TikTokni inson huquqlariga oid kontentni, ayniqsa Shinjondagi vaziyatni bostirish orqali algoritmik senzura bilan shug‘ullanishda aybladi. O‘shanda avtomat ravishda platformadan #Uighur, #UighurGenocide yoki #Xinjiang kabi heshteglarni o‘z ichiga olgan kontentlar cheklangan yoki olib tashlangan.

Kiritildi: 20:00 13.11.2024. O'qildi: 921 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!