Kelasi yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 41 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
“2025 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 41 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Buning hisobidan yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, mavjud quvvatlarni kengaytirish, tibbiy ko‘rik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.
Davlat rahbari bu sohadagi asosiy vazifa – birlamchi bo‘g‘inda tibbiyot sifatini oshirish ekanini ta’kidladi. Buning uchun vazirlik vertikalini hududlarda to‘g‘ri ishlatish, ayniqsa, chekka va og‘ir tumanlarga e’tiborni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
“Bu bo‘yicha turkiyalik ekspertlar 6 ta hududdagi tibbiyot muassasalari faoliyati va ulardagi ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatlarini tizimli isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda. Mutasaddilarga bu masalani chuqur tahlil qilib, birlamchi bo‘g‘in transformasiyasi bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlash topshirildi”, — deyiladi xabarda.