Britaniya hukumatida xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Jonatan Xoll The New York Times nashriga bergan intervyusida aytishicha, Rossiya va Eron Buyuk Britaniya hududida zo‘ravonlik, josuslik va qo‘rqitish uyushtirish uchun mahalliy jinoiy guruhlar yordamiga tayanayotgani kuzatilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlar terrorchilik aksiyalariga qaraganda kamroq ko‘zga tashlanadi, ammo xavfi kam emas.
Xoll ta’kidlashicha, Moskva va Tehron uchun alohida agentlar samarasiz bo‘lib chiqishi muhim emas — katta miqyosda yollanma agent jalb etilganda, «muvaffaqiyatlilari o‘zidan-o‘zi chiqib keladi».
Avvalroq Britaniyaning kontrrazvedka xizmati — MI-5 o‘zining yillik hisobotida Rossiya, Eron va Xitoyni mamlakat uchun asosiy davlat tahdidlari deb atagan va ularni Britaniyadagi vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan josuslik hamda diversiyalarda ayblagan edi.