Termiz shahrida ikkita «Aqlli bekat»ning qurilishi yakunlanib, to‘liq jihozlandi. Yana 8 ta shunday bekatning qurilishi davom etmoqda.
Ishga tushgan zamonaviy bekatlarga yozgi-qishki kondisioner, jamoat transporti harakat jadvalining tablosi, «Fuqaro—tezkor yordam xizmati» favqulodda aloqa axborot paneli, atrof-muhit monitoringi sensori, bepul Wi-fi internet tarmoqlari, video nazorati hamda USB elektr tarmog‘i nuqtalari o‘rnatilgan. Har bir bekatda quyosh panellari ham bo‘lib, bu panellardan olinadigan energiya bekatning yoritgichlari va USB elektr tarmog‘i nuqtalarini avtonom elektr energiyasi bilan ta’minlash quvvatiga ega.
Bundan tashqari, endi bekatdagi odamlar soni to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar to‘plash imkoniyati ham paydo bo‘lgan, bu yo‘nalishdagi transportni rejalashtirishga sharoit yaratadi. Shuningdek, bekatlarda va ularning yon-atrofida jamoat tartibini buzish holatlari bo‘yicha tezkor ma’lumot olish ham mumkin. Bekatlarga bank to‘lov terminallari ham o‘rnatilgani aholiga yana bir qulaylik beradi.
Bekatni jihozlashda mayda narsalarga e’tibor qaratilgani ham diqqatni tortmay qolmaydi. Uchta bo‘linmaga ega chiqindi qutichalari axlatlarni turlariga qarab ajratish imkoniyatini beradi. Bu o‘z navbatida aholining ekologik madaniyatini o‘sishiga hissa qo‘shadi. Bekatlarga o‘rnatilgan poyabzallarni tozalash uskunalari yo‘lovchilarni saranjom-sarishta yurishlariga, jamoat transportining ozoda saqlanishiga sabab bo‘ladi.
Foto: Innovasion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati
Innovasion bekatlarda qulaylikni ta’minlash maqsadida uning orqa va yon modullari uyali polikarbonatli ustunlardan iborat bo‘lib, laminatlangan qulay o‘rindiqlar bilan jihozlangan. Mavsumiy iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda bekatlar ochiq va yopiq kutish zallaridan iborat. Shuningdek, «aqlli» bekatning o‘zgaruvchan havo iqlimiga chidamliligini oshirish maqsadida uning ichki tomonida iqlimni nazorat qiluvchi moslamalar joylashtirilgan.
Bekatlar oynaband, ammo oynalari oddiy emas, innovasion. Shu oynalar kech tushgach katta ekran rolini o‘ynay boshlaydi. Ular orqali turli ijtimoiy va tijorat reklama roliklarini namoyish etish boshlab yuborildi. Bu roliklarni bekatni ichidan ham, tashqarisidan ham tomosha qilish imkoniyati mavjud.
Ushbu innovasion bekatlar aholi uchun ham, jamoat transportlari qatnashi uchun ham zamonaviy shart-sharoitlarni yaratishi bilan ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Keyinchalik bunday bekatlar boshqa shahar va tumanlarda qurilishi kutilmoqda. Termiz shahri hokimligi tomonidan shaharning o‘zida yana 50 ta «Aqlli bekat» barpo etilishi rejalashtirilgan.
Anchayin mablag‘ talab qiladigan bu loyihaning moliyalashtirilishning yarmi davlat tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, yarmi tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun 28 yoshli tadbirkor Olimjon Sapparovga 14 foizli imtiyozli kredit ajratildi.