Yangi Janubiy Uels parlamenti mintaqada o‘qotar qurollarni cheklash va namoyishlarni taqiqlashga ruxsat beruvchi tuzatishlarni ko‘rib chiqmoqda.
Bu haqda shtat bosh vaziri Kris Minns ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, agar parlament tomonidan ma’qullansa, tuzatishlar terror ramzlarini ommaviy namoyish qilishni butunlay taqiqlaydi va polisiyaga ommaviy yig‘ilishlar vaqtida xavfsizlikni ta’minlash uchun kengroq vakolatlar beradi. "Ushbu tuzatishlar o‘qotar qurollar qoidalariga eng qattiq o‘zgartirishlarni ham o‘z ichiga oladi. Yuqori xavfli qurollarga kirish cheklanadi, ularning egalari uchun lisenziyalash, saqlash va nazorat qilish qoidalari kuchaytiriladi", dedi Minns Sidneyda jurnalistlar bilan suhbatda.
Qayd etilishicha, o‘qotar qurollarni tartibga soluvchi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar bir kishi uchun to‘rtta qurol chegarasini (10 tadan ko‘p bo‘lmagan qurolga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan professional otishmachilar bundan mustasno), lisenziyani har ikki yilda bir marta yangilash, kamar jurnallarini taqiqlash va qurol egalari uchun qurol klubiga majburiy a’zo bo‘lish talabini o‘z ichiga oladi. Norozilik to‘g‘risidagi qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar Yangi Janubiy Uels polisiyasi boshlig‘iga teraktdan keyin uch oy davomida har qanday norozilik namoyishlarini taqiqlash, shuningdek, ma’lum bir hududda va shtat miqyosida keng ko‘lamli ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni rad etish imkonini beradi.
Qonun loyihasi parlament quyi palatasi tomonidan 22 dekabrda qabul qilinishi, 23 dekabrda esa yuqori palata a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kutilmoqda.