Kambodja Mudofaa vazirligi vakili Mali Socheat ma’lum qilishicha, Tayland hujumi natijasida 13 kishi halok bo‘lgan, 70 dan ortig‘i yaralangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tailandlik harbiylar nizo hududidan ancha uzoqqa chiqib, jang maydonini kengaytirgan.
Kambodjaning to‘rt chegaraviy viloyatidan taxminan 36 ming kishi evakuasiya qilingan. Tayland esa oxirgi ikki kun ichida 13 nafar tinch aholi va 6 harbiy qurbon bo‘lganini, 60 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Mamlakatda 138 mingdan ziyod kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim taraflar o‘rtasida otishmani to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytdi. Biroq janglarni to‘liq to‘xtatish harbiylarni tashkil etilgan holda chiqarib yuborishdan keyin amalga oshiriladi. Masala BMT Xavfsizlik kengashining yopiq majlisida muhokama qilingan.