Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Ta’sirli voqea — Oxunjon Madaliyevning soyasi

A A A
Ta’sirli voqea — Oxunjon Madaliyevning soyasi

Sevimli san’atkorimiz Oxunjon Madaliyev haqidagi ma’lumotni ko‘rib behad ta’sirlandim.

Ukasi uning to‘yda qo‘shiq aytib turib, vafot etganini aytibdi.

Dastlab u Toshkentdan charchoq qaytibdi...

Yurak xurujidan ketibdi...

Xomush yuribdi, so‘nggi kunlarda...

Ha, Toshkentga kelganida meni yo‘qlab «Tong yulduzi» tahririyatiga keldi. Dabdurustdan bunday tashrifdan hayron qoldim, yuzma-yuz tanish emasmiz. She’rlarimni ham qo‘shiq qilib aytmagan...

Ayol xodimlarim choy damlabmi-ey, almisoqdagi xatlarning oqibatini so‘rabmi-ey, ketma-ket xonamga kirib turishibdi. Sezyapman, ular Oxunjonni bir ko‘rish ishtiyoqidalar. Ammo Oxunjon na go‘zal xodimalarimizga e’tibor berdi, na men esdalikka yozib bergan kitobimga! Choyni ham chala ichib, derazaga yuzlandi. Uzoq tikildi, men esa qo‘lidan qo‘ymay o‘tirgani — o‘ralgan oq qog‘oziga ishora qildim.

— Aytgancha, bu sizga, Umida opa! Meni eslab yurasiz!

U qog‘ozni ochdi, ichidan «vizitka»si va surati tushirilgan katta va kichik kalendar chiqdi. Men rahmat, deb oldim va kichigini tortmamga soldim. Kattasini esa qarshimga qoqib qo‘ymoqchi bo‘ldim. O‘zi qarashib yuborsa-da, na ko‘zida kulgu, na dilida quvonchli tuyg‘u bor edi!

“Nega keldi-yu, nega befarq?” o‘ylardim men. Beixtiyor mahallamizdagi to‘yda qo‘shiq aytgan Rustam Qori turmush o‘rtog‘im bilan tanishib qolib, to‘y tugagach, yarim tunda biznikiga kirib kelganini esladim. Yaxshi ko‘rmasa-da, qalb ko‘zi ochiq bu insonning chinakam ovoziga mahliyo edim. Uyimda uni ko‘rib turishim behad hayratlantirgandi. She’rlarimdan, hech kim ko‘rmagan, hech kim so‘rab olmaganidan o‘qishimni so‘radi. Men esa she’rlarimni yod bilmayman, deb unga kitobimdan birini yozib bergandim. Xayrlashib ketdi va meni hayron etdi, uzoq fotiha o‘qib!..

Mendan yoshu, buncha keksalardek sermulohaza?

Nega keldi-yu, nega ketdi, asosiy gapni faqat o‘zimizga gapirtirib, faqat fotiha o‘qishini hisobga olmaganda? Ertasiga esa shum xabar tarqaldi, uning fojiali o‘limi haqida!

O‘shanda Oxunjonning xomush va hardamxayolligidan yuragim orqamga tortib ketgandi, negadir, kimlarnidir o‘ylab!

U dunyodan, dahmaza-yu mashmashalardan to‘ygan, qarashlari hissiz, tushkun va izsiz odamdek xavotirga solgandi meni!

U o‘tdi... Uning surati tushirilgan kalendar xonam devorida yil bo‘yi osilib turdi.

O‘zi, o‘sha kungi ko‘rinishi esa meni hamon tark etmaydi!

Alloh chaqirgan bandalar shunday soya bo‘lib yurarkan-da?..

Ha, meni yo‘qlab kelgan — Oxunjonning soyasi edi.

Umida Abduazimova

Kiritildi: 09:27 19.05.2018. O'qildi: 2379 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik