Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti) deputati Elvira Surabaldiyeva Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev haqida intervyu berib, uning ishdan ketishiga davlat to‘ntarishiga urinish sabab bo‘lganini aytdi.
"Prezident Sadir Japarov bag‘rikeng inson. Balki Tashiyev do‘sti bo‘lgani uchun unga rahmi kelayotgandir, buni aniq bilmayman. Ammo hozir prezident uchun juda og‘ir davr, chunki ko‘p yillik do‘sti uni lavozimidan chetlatishga harakat qildi. Ehtimol, Tashiyevning ishdan bo‘shatilishiga asosiy sabab shu bo‘lgandir", — dedi Surabaldiyeva.
Deputatning ma’lum qilishicha, ushbu voqealarga tayyorgarlik uzoq vaqt davom etgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ish bo‘yicha ayrim ayblanuvchilar allaqachon qo‘lga olingan yoki tergov ostida qolmoqda.
Qamchibek Tashiyev 2026 yilning fevral oyida Qirg‘iziston MXDQ raisi lavozimidan bo‘shatilgan. O‘shanda u vaziyatga munosabat bildirib, o‘z iste’fosini kutmaganini aytgan.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Tashiyev endi hech qachon davlat xizmatiga qaytmasligini e’lon qilgan. Japarov, shuningdek, Tashiyevni ishdan olishini “Qirg‘iziston jamiyatida boshboshdoqlik yuzaga kelishining oldini olish” bilan izohlagan edi.
Ushbu voqealardan so‘ng Qirg‘izistonda MXDQ raisining sobiq o‘rinbosari Daniyel Risaliyev qo‘lga olindi. U Qamchibek Tashiyev qo‘l ostida ishlagan. Keyinchalik qo‘mitaning yana bir sobiq o‘rinbosari Timur Shabdanbekov ham hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.