Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Tarixiy yangilik: O‘zbekistonning yana bir muhim tabiiy meros ob’ekti UNESCO ro‘yxatiga kiritildi

Tarixiy yangilik: O‘zbekistonning yana bir muhim tabiiy meros ob’ekti UNESCO ro‘yxatiga kiritildi

Joriy yilning 10–25 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tayotgan UNESCO Umumjahon merosi qo‘mitasining 45-kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston uchun yana bir tarixiy muhim voqea sodir bo‘ldi. O‘zbekiston ishtirokidagi «Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari» transchegaraviy tabiat ob’ekti UNESCO ning Umumjahon tabiiy merosi ob’ektlari ro‘yxatiga kiritildi.

Ma’lumot uchun, Transnominasiya dos’esi loyihasini ishlab chiqish 2020 yil boshida Markaziy Osiyo cho‘l tashabbusi (Central Asian Desert Initiative - CADI) loyihasi doirasida Ekologiya vazirligi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Greifsvald universiteti (Germaniya), Maykl Sukkov jamg‘armasi (Germaniya), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda boshlangandi.

“Bu ekotizim o‘zining noyobligiga qaramay, haligacha UNESCOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilmagandi. Bunday nominasiyaning uch davlat tomonidan tayyorlanishi mintaqaviy hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi”, — dedi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.

Ta’kidlash joizki, bu ob’ektni UNESCO ro‘yxatiga qo‘shish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi PQ-171-sonli "Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori 10-ilova 17-bandida ko‘zda tutilgan.

Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu nomzodnomaning mamlakatimizga tegishli qismi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tayyorlangan.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston tomonidan UNESCO maslahatlashuv organi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bilan o‘rnatilgan yaqin hamkorlik, shuningdek, Umumjahon merosi qo‘mitasi a’zolari (21 davlat) bilan olib borilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot va siyosiy-diplomatik chora-tadbirlar natijasida ijobiy qaror qabul qilindi.

«Mo‘tadil mintaqadagi Turon cho‘llari» Umumjahon tabiiy merosi ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistonning qatnashgan ikkinchi ob’ekt hisoblanadi. 2016 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi «G‘arbiy Tyan-Shan» ob’ekti ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.

E’tiborli jihati shundaki, yangi ob’ekt UNESCO ro‘yxatidagi mo‘tadil cho‘llar toifasiga kiradigan birinchi ob’ekt hisoblanadi. Hududning O‘zbekistonga doir qismi Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallagan bir-biriga chegaradosh beshta tarkibiy qism — Saygachi, Saygachi-Beleuli, Saygachi-Duana, Saygachi-Jideyli (barchasi Shimoliy Ustyurt klasteriga kiradi) hamda Janubiy Ustyurtdan iborat.

«Mo‘tadil mintaqadagi Turon cho‘llari»ning UNESCO ro‘yxatiga kiritilishi hududning 1972 yilgi Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi muhofazasida bo‘lishini taqozo etadi. Bundan tashqari, ob’ektlarni samarali boshqarish, ulardagi flora va faunani saqlash va ilgari surish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, tatbiq qilish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng yo‘l ochadi.

Kiritildi: 15:34 20.09.2023. O'qildi: 2095 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!