Bugun 24 may, 2025 yil, shanba

КИР

Tarixdagi ilk kimoshdi savdosini o‘tkazgan zot...

A A A
Tarixdagi ilk kimoshdi savdosini o‘tkazgan zot...

Kimoshdi savdosi (auksion) bugungi kunda ko‘p davlatlarda, xususan, Yevropa va Amerikada juda ham ommalashgan savdo turlaridan biri hisoblanadi. Unda biror-bir tovar, ko‘chmas mulk, qimmatbaho qog‘ozlar, san’at asarlari, tashkilot mulki va hokazolar ommaviy sotuvga qo‘yiladi va xaridorlar o‘rtasida mazkur molni sotib olish uchun o‘ziga xos tarzda musobaqa tashkil etiladi va kim ko‘proq pul to‘lasa, savdoda o‘sha yutib chiqadi. 

Ushbu muxtasar qoralamadan maqsad kimoshdi savdosi haqida mukammal ma’lumot berish emas, balki, tarixdagi ilk kimoshdi savdosini amalga oshirgan kishi haqida so‘z yuritishdir. 

Albatta, bugungi kunda kimoshdi savdosi benihoya taraqqiy etib, shakllanib, ma’lum qonun-qoidalar va ko‘rinishlar kasb etgan. Misol uchun, birja auksioni, veksellar auksioni, valyuta auksioni, depozit auksioni, majburiy auksion, ko‘ngilli auksion, ochiq auksion, yopiq auksion, inglizcha auksion, gollandcha auksion va hokazolar kabi bir suruv ko‘rinishlari va turlari mavjud bo‘lib, ularda joriy bo‘lgan qoidalarning barchasi ham shariat qoidalariga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.  

Ammo, shunisi ma’lumki, auksion savdosining asl mohiyati savdoga qo‘yilgan tovarga kim ko‘proq pul berishiga asoslanadi. Zotan, "auction" so‘zi "ko‘paytiraman, oshiraman" ma’nolarini anglatuvchi lotincha " augeō" so‘zidan olingan. Auksion savdosining g‘arbdagi yana bir nomi "public sale", ya’ni "jamoaviy savdo"dir.  

Bugungi kunda G‘arb dunyosida kimoshdi savdosining tarixi borasida qat’iy bir fikr mavjud emas. Ba’zilar, uni taxminan uch yuz yil oldin paydo bo‘lgan degan fikrni ilgari sursalar, boshqalar kimoshdi savdosi miloddan avvalgi besh yuzinchi yillarda ham Bobilda mavjud bo‘lgan degan taxminlarni bildiradilar. Lekin, bularning ko‘pi taxmin va ishonchli bo‘lmagan ma’lumotlar hisoblanadi. Boz ustiga, Eramizdan avval yuz bergan mazkur auksionlarni tom ma’nodagi kimoshdi savdosi emas balki, odam savdosi ko‘rinishida bo‘lganligi aytiladi. Ya’ni, bunday auksionlarda sotuvga qo‘yilgan mulk bu odatda bo‘lajak qayliq (ya’ni xotin) yoki qul va cho‘rilar bo‘lgan.

Lekin ishonchli hadis to‘plamlarida hasan-sahih sanadlar bilan rivoyat qilingan hadisi shariflar mazmuni shuni ko‘rsatadiki, tarixi ma’lum bo‘lgan ilk kimoshdi savdosini amalga oshirgan zot, bu – Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdirlar. Ta’bir joiz bo‘lsa, islom tarixidagi (ehtimol, insoniyat tarixida ham) eng birinchi auksionist bu Muhammad sollallohu alayhi va sallam bo‘ladilar.

Quyida mazkur qissani mazmuni bo‘yicha keltiramiz: Bir kuni ansoriylardan biri Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzuriga yordam so‘rab keldi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam "uyingda biror narsang bormi?", dedilar. - Ha, ustida o‘tiradiganimiz bitta sholcha bilan taomlanish, suv ichish va yuvinishda foydalanadigan bitta idishimiz bor. Boshqa hech nasra yo‘q, dedi. - Yaxshi, ularni menga olib kel, dedilar Payg‘ambarimiz. Ansoriy (ba’zi rivoyatlarda bu inson a’robiylardan bo‘lganligi aytiladi) ularni keltirdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam ularni qo‘llarida tutar ekanlar, "bu narsalarni kim sotib oladi?", deya ashoblariga yuzlandilar. Bir kishi o‘rnidan turib "men ularni bir dirhamga sotib olaman", dedi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: "kim bir dirhamga yana qo‘shadi?", dedilar. Shunda boshqa bir kishi o‘rnidan  turdi va "men ikki dirham beraman", dedi. Payg‘ambarimiz ansoriy keltirgan boyagi to‘shak bilan idishni unga sotdilar va uning pullarini egasiga topshirar ekanlar: "bu pullarning biriga ya’ni bir dirhamiga oilangga yegulik olib bor, ro‘zg‘or narsalarini olib ber. Qolgan bir dirhamiga esa bolta (yoki tesha) sotib olib, menga olib kel", dedilar. Ansoriy shunday qildi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam ansoriy kishi keltirgan boltaga o‘z qo‘llari bilan sop qo‘yib berdilar va "bor, sahrolardan o‘tin terib kelib, bozorda soat. O‘n besh kun seni ko‘rmay!", dedilar. Ansoriy ketdi va belgilangan muddat tugagach Payg‘ambarimiz huzurlariga qaytib kelganda ancha o‘zini tutib olgan, ro‘zg‘orini butlagan va turli xil kiyim-kechaklar sotib olgan holda edi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam uni bu holda ko‘rgach "odamlardan yordam so‘rab yurishingdan shu yaxshi emasmi?!", dedilar - "vaholanki, ular (so‘raganingda ham) yo beradilar yo bermaydilar?!". 

Yuqoridagi voqeani to‘rt sunan sohiblari ya’ni, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy va Ibn Mojalar hamda imom Ahmad va Abu Ya’lo o‘z kitoblarida rivoyat qilganlar. Hadis rivoyat yo‘llarining ko‘pligi tufayli hasan darajasiga chiqqan. Ba’zilar uni sahih sanaganlar. 

Ulamolar jumhuriga ko‘ra, ushbu hadisi sharif mazmuniga binoan shar’iy qoidalarga xilof kelmagan holda o‘tkaziluvchi auksion joiz va durust hisoblanadi. Arab tilida bunday savdo turi "bay’ul mazod" yoki "bay’ul muzoyada" deb ataladi. 

Mazkur hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallamning nafaqat islomiyat tarixidagi ilk kimoshdi savdosini o‘tkazganliklari, balki, o‘z ummatlariga g‘oyat mehribonliklari, ularni har sohada eng to‘g‘ri yo‘lga dalolat qilib qo‘yishlari, huzurlariga yordam so‘rab kelgan kishining imkoniyat doirasidan kelib chiqib, ta’bir joiz bo‘lsa, eng muvofiq bir biznes reja tuzib berganliklari ham o‘z ifodasini topgan. 

Ha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunchaki, vahiyni yetkazib qo‘yish bilan kifoyalanmaganlar balki, har sohada peshvo bo‘lganlar, ummat g‘amini O‘z yelkalarida tashiganlar. U kishi podshoh bo‘lmaganlar ammo, eng adolatli va eng namunali bir podshoh o‘z raiyyati uchun qilishi mumkin bo‘lgan ishdan afzalroq ishlarni amalga oshirganlar. U kishi biznes konsultant bo‘lmaganlar ammo, tirikchilik sohasida noto‘g‘ri yo‘lda yurgan, qiynalib qolgan odam yordam so‘rab kelganda uni to‘g‘ri yo‘lga solib, o‘ziga mos bir biznes reja tuzib berib, qiyinchilikdan chiqib ketishiga sabab bo‘lganlar. Umuman U zot sollallohu alayhi va sallam O‘z ummatlari uchun Alloh taolo Qur’oni karimda vasflaganidek "mo‘’minlarga rauf va rahim" (Tavba surasi: 128-oyat)  edilar. 

Alisher Sultonxo‘jayev

Manba: azon.uz

Kiritildi: 07:20 25.12.2019. O'qildi: 9544 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!