Tanzaniyaning sharqiy qismidagi Morogoro mintaqasida yo‘lovchi avtobusi va yog‘och tashuvchi yuk mashinasi to‘qnashib, kamida 28 kishi halok bo‘ldi. Hodisa 8 oktyabr kuni sodir bo‘lgan, deb xabar berdi mahalliy yong‘in-qutqaruv xizmati.
Ma’lum qilinishicha, halokat Morogoro — Dor-es-Salom magistral yo‘lining Mkambarani qishlog‘idan o‘tuvchi qismida yuz bergan. Dor-es-Salomdan Mbeya shahriga qarab harakatlanayotgan avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashganidan so‘ng yong‘in chiqib, transport vositasi butunlay yonib ketgan.
Morogoro yong‘in-qutqaruv xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Jozef Mvasabedjaning ma’lum qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasi haydovchisi qoidaga rioya qilmasdan quvib o‘tishga uringan va natijada to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Haydovchining shaxsi hozircha aniqlanmagan.