Tailand harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari chegaradagi mojaro avj olgan vaqtda Kambodja harbiylari pozisiyalarini bombardimon qildi. Bu haqda Khmer Times gazetasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, soat 11:30 da Tailand harbiy-havo kuchlarining F-16 qiruvchi samolyotlari Preaxvixear viloyatidagi bahsli chegara zonasi bo‘ylab Kambodja harbiylari pozisiyalariga zarba bergan. Bu janglarda harbiy-havo kuchlaridan birinchi marta foydalanilgani bo‘yicha tasdiqlangan birinchi xabar, deb yozadi gazeta.
To‘qnashuvlar taxminan soat 7:30 da Oddar-Miyenchey viloyatidagi bahsli chegara zonasi yaqinida boshlangan. Mahalliy aholining gazetaga aytishicha, ular kuchli otishma va portlash ovozlarini eshitgan, ikkala tomon ham og‘ir qurollardan foydalanayotgan bo‘lishi mumkin. Ikkala tomon ham chegarada o‘z pozisiyalarini mustahkamlagani sababli vaziyat keskinligicha qolmoqda, deb xabar beradi tass.ru.
Kambodja Milliy Mudofaa vazirligi matbuot kotibi general-leytenant Mali Sochxeat qirollikning “hududiy yaxlitligini buzgan” Tailand qo‘shinlarining sababsiz bostirib kirishiga javoban armiya o‘zini-o‘zi himoya qilish uchun qat’iy harakat qilmoqda, dedi.