Tailandda Bangkokdagi Don Muang xalqaro aeroportida travolatorda shikastlangan 57 yoshli ayolning oyog‘i kesib tashlandi, deya xabar beradi CNN.
Aeroport ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa mahalliy vaqt bilan taxminan 8:27 da ichki reyslar yo‘lovchi terminalining janubiy yo‘lagida sodir bo‘lgan.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan aeroport rahbariyati yo‘lovchi Naxon-Si-Txammarat shahriga uchmoqchi bo‘lganini, biroq uning oyog‘i kutilmaganda travolatorda qisilib qolganini aytdi.
Ayolga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatildi. Uni eng yaqin shifoxonaga olib borishdi, biroq jarohatning og‘irligi tufayli oyog‘ini tizza qopqog‘igacha kesib tashlashga to‘g‘ri keldi. Shundan so‘ng u mamlakatdagi eng yaxshi tibbiyot muassasalaridan biri bo‘lgan Bumrungrad xalqaro kasalxonasiga yo‘naltirildi.
Aeroport direktori Karant Txanakuljirapat voqeadan afsusda ekanini bildirdi va mamlakatdagi barcha aeroportlarni boshqaradigan Airports Of Thailand (AOT) davlat kompaniyasi jabrlangan tomonning barcha tibbiy xarajatlari va boshqa tovon pullarini to‘lashiga ishontirdi.
Hodisani o‘rganish uchun aeroportdagi barcha travolatorlarning faoliyati to‘xtatildi.