-
Tahoratli holda yotgan bandaning haqiga farishtalar duo qiladi. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Kim pok holida uxlasa, uning haqiga bir farishta: Allohim, bu bandangni mag‘firat qil. Chunki u pok holida uxladi , deydi (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
-
Tahoratda yotgan bandaning duosi maqbul bo‘ladi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Qaysi bir mo‘min banda Allohni zikr qilib, pok holida uxlasa va kechasi turib, Allohdan dunyoyu oxirat yaxshiligini so‘rasa, Alloh unga so‘ragan narsasini, albatta beradi , dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
-
Qiyomat kunida ham tahoratli holida tiriladi. Ulamolar: Uyquga yotishdan oldin olingan tahoratni o‘limga tayyorgarlikning dastlabki qadami deydilar. Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: Tahorat olib yotgan holida vafot etgan kishining ruhi tahoratli holda qayta tiriladi (Fathul Boriy, Umdatul Qoriy)
-
Tahoratda yotish yomon tushlar ko‘rishdan saqlaydi. Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh aytadi: Kim tahorat olib o‘rniga yotsa, yaxshi tush ko‘radi (Fathul Boriy).
Muhammad Zakariyo Kandehlaviy rahmatullohi alayhi bunday deydi: Tahorat olgan holda uxlashga yotish, yomon tush ko‘rishdan saqlaydi (Taqrir Buhoriy).
-
Tahoratda yotish tunni ibodat bilan o‘tkazganning savobiga noil etadi. Al-Ijliy aytadi: Kim tahorat olgan holida Alloh taoloni zikr qilib o‘rniga yotsa, to uyg‘onguniga qadar Alloh taoloning ibodatida qoim bo‘lganlar savobiga musharraf bo‘ladi (Fathul Boriy).
-
Tahoratda yotgan bandaning ruhi Alloh taoloning Arshi oldida sajda qiladi. Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: Qachon mo‘min banda uxlasa, uning ruhi Arshga ko‘tariladi. Agar banda tahoratli holida yotgan bo‘lsa, uning ruhiga Arshda Alloh taologa sajda qilishiga ijozat beriladi (Ibn Muborak Kitabuz-Zuhd, Fathul Boriy).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim tahorat ustiga tahorat qilsa, Alloh unga o‘nta (savob) yaxshilik yozadi , deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Agar sizlardan birortangiz tahorat olsa-yu, tahoratini yaxshilab qilsa, so‘ngra: Ashhadu allaa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu. Va ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rasuluhu , deb aytsa, albatta, unga jannatning sakkiz eshigi ochiladi va u xohlaganidan kiradi , dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Manba: muslim.uz