Bugun 16 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Surxondaryoda topilgan noyob ayiq bolasiga nom qo‘yish uchun tanlov e’lon qilindi

Surxondaryoda topilgan noyob ayiq bolasiga nom qo‘yish uchun tanlov e’lon qilindi

Tabiat resurslari vazirligi tasarrufidagi «Uzun» davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida taxminan 11 oylik ayiq bolasi topildi. U Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i turiga mansub bo‘lib, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining «Qizil ro‘yxati» va O‘zbekiston «Qizil kitobi» ga kiritilgan.

Dastlab ayiqni ochiq tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborish masalasi muhokama qilindi. Ammo ayni damda anomal sovuqdan keyin ozuqa topish qiyinligi, yosh ayiq bolasini turli ko‘ngilsizliklardan asrash maqsadida Toshkent hayvonot bog‘iga olib kelindi.

«Bunday turdagi ayiqlar kam tarqalgan, O‘zbekiston faunasi uchun noyob tur hisoblanadi, — dedi Tabiat resurslari vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdurashid Sodiqov. — Shu bois Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyati yordami bilan ayiq bolasini zamonaviy reabilitasiya markaziga joylashtirdik. Ayni damda ayiq bolasining ahvoli yaxshi».

Ta’kidlash kerakki, Toshkent hayvonot bog‘i reabilitasiya markazi Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. O‘tgan yili foydalanishga topshirilgan markaz Germaniya loyihasi asosida qurilgan hamda eng so‘nggi nemis laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan.

Qayd etish joizki, ayni damda ayiq bolasi karantinda saqlanmoqda. Bu yerda u maxsus resept asosida parvarish qilinyapti.

«Anomal sovuqda ayiqlar uyquga ketadi. Bu ayiq bolasining ham onasi qattiq uyquda bo‘lgan, u esa onasidan uzoqqa harakatlanib ketgan. Natijada ozuqa topishga qiynalgan. Shuning uchun ham hozir uning vazni 18 kilogrammga teng, aslida esa u 35-40 kg bo‘lishi kerak edi. Birinchi kunda aynan nima yeyishini bilib bo‘lmadi. Sekin-asta meva-sabzavotlar, guruch, go‘sht va boshqa yeydigan rasionini aniqlab olyapmiz, — dedi Toshkent hayvonot bog‘i bosh veterinari Ahmadjon Kuzibayev. — Aslida, ayiqlar rasionining taxminan 20 foizini go‘sht tashkil qiladi. Ammo hozircha bu ayiq bolasiga yengiroq ovqat beryapmiz. Vaqt o‘tgani sari rasionni kuchaytirib boramiz».

Abdurashid Sodiqov Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan ayiq bolasiga nom qo‘yish uchun tanlov e’lon qilinishini ma’lum qildi. Tanlov g‘olibi yil davomida Toshkent hayvonot bog‘iga bepul kirish huquqini beruvchi sertifikat bilan taqdirlanadi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, karantin muddati tugagach, ayiq bolasini holatiga qarab ochiq tabiat bag‘riga qo‘yib yuborish rejalashtirilgan.

Kiritildi: 12:00 02.02.2023. O'qildi: 2196 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!