Bugun 1 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Surxondaryoda qadimiy devor topildi

A A A
Surxondaryoda qadimiy devor topildi

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida Termiz davlat universiteti arxeologiya kafedrasining qadimshunos o‘qituvchisi Sarvar To‘rayev qariyb 5 kilometrga cho‘zilgan qadimiy devor qoldiqlarini aniqladi.

O‘tmishda devorlar insoniyatni turli tashqi kuchlardan muhofaza qilish, hududlar chegarasini belgilash, yirtqich hayvonlardan himoyalanish kabi maqsadlar uchun qurilgan. Keyinchalik bu devorlar kuch-qudrat, tinchlik, nizolar timsoli, ramzi sifatida o‘z davrining xalq og‘zaki ijodi, tarixi va adabiyotiga oid asarlarida ham muqim joy olib kelgan.

Qadimshunos duch kelgan qadimiy devor Denov tumanining shimoliy-g‘arbiy qismini o‘ragan Hisor tog‘ tizmasi tizimidagi Surxontog‘ tog‘i etaklari – Ko‘kabuloq, Yuqori Oybarak hamda Dahana qishloqlari o‘rtasida cho‘zilgan. Shu yerlik aholi devorni “Kofirqal’a” yoki “Kofirdevol” (Kofirdevor), deya atab kelgan. Qadimiy devorning topilishi nafaqat mahalliy, balki xorijlik arxeolog olimlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.

Termiz davlat universiteti arxeolog professor-o‘qituvchilari Fransiya, Chexiya, Rossiya, Xitoy kabi davlatlar qadimshunoslari bilan qo‘shma ekspedisiyalar bo‘yicha memorandumlar imzolab, mustahkam aloqa o‘rnatgan. Hamkorlikda Sherobod, Termiz kabi tumanlarda faol arxeologik qazishma ishlari olib borilmoqda, – deydi ekspedisiya rahbari, tarix fanlari doktori, professor Shopo‘lat Shaydullayev. – Endilikda viloyatning shimoliy tumanlarida ham qo‘shma arxeologik ekspedisiyalarni yanada keng yo‘lga qo‘ymoqchimiz. “Shimoliy Surxondaryo arxeologik yodgorliklari” mavzuida ilmiy-tadqiqot ishi olib borayotgan yosh qadimshunosimiz Sarvar To‘rayev Denov tumanida arxeologik qidiruv- kuzatuv jarayonida qadimiy devor qoldiqlariga duch kelgan. U devor bilan bog‘liq dastlabki ma’lumotlarni to‘plab, taqdim etdi. Bu devor nafaqat bizni, balki Fransiya va chexiyalik arxeolog hamkorlarimizni ham qiziqtirib qo‘ydi.

Izlanuvchan arxeolog Sarvar To‘rayevning aytishicha, Kofirdevor tog‘dan enib keluvchi Obdara soyi bo‘yidan boshlangan va g‘arbga qarab qirlar ustidan va ayrim tik qirlar yonidan o‘tkazib barpo etilgan. Yaqinda O‘zbek-Chex qo‘shma arxeologik ekspedisiyasi, professorlar SH.Shaydullayev va L.Stancho, Fransiya arxeoriyent ilmiy labaratoriyasi katta ilmiy xodimi J. Luilliyer arxeolog S.To‘rayev hamrohligida Kofirdevorda dastlabki kuzatuv va qidiruv ishlarini olib bordi. Ilk izlanish chog‘ida qadimiy devorga oid qator qiziqarli ma’lumot va artefaktlar yuzaga chiqdi. Devorning uzunligi Obdara soyidan shimolga yo‘nalib, baland qoyalikka, undan so‘ng boshlanuvchi tabiiy kanyonga borib tugashigacha 4 ming 300 metr atrofida ekani aniqlandi. Devor xarobalarining eni 4-6 metr, ba’zi joylarda 13 metrgacha yetadi. Tik qoyalik hamda qir usti tabiiy qisqargan joylarda 1-1,5 metrni tashkil etadi.

Devor asosan toshdan bunyod etilgan bo‘lib, ularni biriktirish uchun loy aralashtirib qurilgan.

–Uzoq masofaga cho‘zilgan devorni qurish oson kechmagan,–deydi TerDU o‘qituvchisi, arxeolog Sarvar To‘rayev.– Buning uchun tog‘ bag‘ridagi soylikdan turli hajmdagi katta-kichik tosh tashilgan. Ko‘plab paxsakor va chimkor ustalar, qo‘riqchi minoralari uchun mohir harbiy muhandislar jalb etilgan. Bundan tashqari devor quruvchilari kimlar bo‘lgan, degan savol ham bizni juda qiziqtirmoqda. Asirlarmi, harbiylarmi yoki aholimi?. Shunisi aniqki, bu yerda bir vaqtning o‘zida yuzlab ishchi mehnat qilgan. Devorning tik yuqoriga yo‘nalgan qismlarida suvsizlikka chidamli shuvoq o‘simligidan foydalangani ham ma’lum bo‘ldi. Bilsangiz, shuvoq suvsizlikka chidamli o‘simlik bo‘lib, ildizi yerga chuqur ketadi. Bu devorning mustahkamligini ta’minlab, namlikka chidamliligini oshiradi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, qadimiy inshoot Kushonlar davlatining so‘nggi davri va ilk o‘rta asrlarga tegishli yirik mulkning himoya qo‘rg‘oni bo‘lgan.

Tarixchilarning aytishicha, arablarning O‘rta Osiyoga bosqini mahalliy hukmdorlar, aholi va arablar o‘rtasida uzoq yillik ayovsiz jangu jadallarni keltirib chiqargan. Bosqinchilarga qarshi qurol ko‘tarib, bo‘ysinmagan xalq va hukmdorlarni arablar kofir, deb e’lon qilgan. Ularga qarshi shafqatsiz jang olib borgan. Devorga “Kofirqal’a”, “Kofirdevor” nomlari berilishi ham ana shu voqealar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Arxeologlar devor Surxontog‘ etagidagi vohaning shimoli-g‘arbiy qismini janubiy-sharqiy qismdan himoyalash uchun qurilgan, degan taxminni ham ilgari surmoqda. Ilk va rivojlangan o‘rta asrlar yodgorligi sifatida davlat muhofazasiga olingan Qizqo‘rg‘on qoya tepaligi ham shu devor o‘ragan qism ichida qoladi. Keyingi yillarda Surxon vohasining shimoliy qismida ish olib borayotgan O‘zbek-Xitoy qo‘shma arxeologik ekspedisiyasi a’zosi, taniqli arxeolog T.Annayevga ko‘ra, arxeologik kuzatuv va qidiruv jarayonlarida Qizqo‘rg‘on yodgorligidan antik davr va Kushon davri sopollari topilgan.

–Surxondaryo hududida qariyb bir asrlik arxeologik kuzatuv hamda ekspedisiyalar jarayonida o‘nga yaqin voha, qal’a va mulklik devorlari ko‘rinishidagi arxeologik inshootlarga duch kelingan, – deydi arxeolog Sarvar To‘rayev.– Ayniqsa, Sug‘diyona va Baqtriya chegaralarini belgilovchi shimoli-g‘arbiy qismi, Ko‘hitang, Sarimas, Suvsiztog‘, Keraga, Surxontog‘ etaklarida bu kabi devorlar izlari ko‘zga tashlanadi. Ko‘hitang etagidagi Uzundara yodgorligida N.Dvuruchenskaya, Ko‘hitang etaklarida SH. Shaydullayev boshchiligida ekspedisiyalar ish olib borgan. Mashhur arxeolog G.Pugachenkova o‘tgan asrning 60-70-yillarida vohaning shimoliy qismi Kushon yodgorliklarini o‘rganayotganida unga mahalliy tarix ixlosmandlari Denov tumanidagi Surxontog‘ etaklarida Sina devori, deya ataladigan devor qoldiqlari borligi haqida ma’lumot berganini qayd etgan. Shundan keyingi davr arxeologlari izlanishlarida mazkur devor haqida bironta ma’lumot uchramaydi.

Xo‘sh, bu yerga kelgan O‘zbek-Chex qo‘shma ekspedisiyasida devor qoldiqlari qanday fikr uyg‘otdi?

–Qisqa muddatli qidiruv jarayonlarida yangi devor qoldiqlaridan zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanib, ilk va rivojlangan o‘rta asrlarga oid ikki dona kamonning uch qismi topildi,–deydi professor L.Stancho.– Devor qoldiqlari bo‘ylab duch kelingan sopol bo‘laklari ilk va rivojlangan o‘rta asrlar, ikki dona sopol bo‘lagi Kushonlar davrining so‘nggi bosqichi kulolchiligi mahsuli ekani aniqlandi. Umid qilamizki, keyingi izlanishlarimiz chog‘ida devor bilan bog‘liq yana ham qiziqarli ma’lumotlar aniqlanadi. Devorning ayrim joylarida minoralar bo‘lgani va ichkari qismda toshdan terilgan aylana shakldagi belgilar uchragani ham Kofirdevor olis o‘tmishdan so‘zlaydigan noyob arxeologik topilma ekanidan darak bermoqda.

Kuhna viloyatning boy o‘tmishi, qadimgi ajdodlarning turmush tarzi va madaniyati bilan qiziqayotgan tinib–tinchimas arxeologlar kelgusi mavsumda qidiruv-qazish ishlarini davom ettirishga bel bog‘lagan.

Kiritildi: 21:58 16.11.2023. O'qildi: 2266 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!