Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva Yevropa Ittifoqi bilan muzokara olib borishga rozi ekani, ammo buning uchun Yevropadan Rossiyaga qarshi «turli bo‘lmag‘ur gaplar»ni aytmagan shaxs muzokarachi sifatida yuborilishi kerakligini aytdi.
«Shaxsan men (muzokarachi sifatida) Germaniya Federativ Respublikasi sobiq kansleri janob Shryoderni afzal ko‘rgan bo‘lardim», – degan Putin.
Moskva muzokarachi sifatida nemis siyosatchisi Gerhard Shryoderni ma’qul ko‘rgani Yevropada xavotir bilan qarshilandi.
Xususan, Germaniya tomoni Putinning bu tashabbusini «soxta takliflar turkumi»ning bir qismi deb baholamoqda.
Nemis hukumati bu taklifga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirgan va Putinning so‘zlarini «ma’lumot uchun qabul qilgani» ni aytish bilan cheklangan.
Germaniya matbuoti esa Shryoderning vositachi bo‘lishi haqidagi taklifni ochiq-oshkora tanqid qilgan.
«Germaniyaning sobiq kansleri uzoq vaqt mobaynida Rossiya qaramog‘ida bo‘lgan (Shryoder kanslerlikdan ketgach, uzoq yillar mobaynida Rossiya shirkatlarida ishlab, rus hukumatidan maosh olgani nazarda tutilmoqda – tahr.). Demak, u Kiyev va Moskva, shuningdek, Yevropa va Moskva o‘rtasida betaraf vositachi bo‘la olmaydi. Shryoder – Putinning odami. Lavozimdan ketgach, u katta pul evaziga Rossiya foydasiga ishlagani uni bugun diplomat bo‘lish huquqidan mahrum etadi», – deb yozgan Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasi.
Süddeutsche Zeitung nashri ham Shryoder haqidagi taklifni Putinning Yevropada sarosima va notinchlik uyg‘otishga qaratilgan manipulyasiyasi deb atagan. Bu hol Moskva bilan muzokaralar murakkab va mushkul kechishini ham anglatadi.
Sosial-demokratlar partiyasi vakili bo‘lgan G.Shryoder 1998-2005 yillarda kansler vazifasida faoliyat yuritgan. Hukumat boshlig‘i kursisidan ketganidan buyon Rossiyaning yirik energetika shirkati ؘ– «Rosneft» direktorlar kengashi rahbari lavozimida faoliyat yuritib keladi. Ukrainaga bosqin ortidan Shryoderning Kreml manfaatlariga qaratilgan faoliyatiga nisbatan norozilik kuchaygan.
Olmon matbuoti ko‘pdan buyon Shryoderni kremlparastligi bilan amaldagi hukumatni o‘ng‘aysiz holatga solayotgani, faqat shaxsiy manfaatlarini ko‘zlayotganini tanqid qilmoqda.
Olmon jamoatchiligi ham sobiq hukumat rahbarining Ukrainani xonavayron qilayotgan siyosatchi bilan do‘stligidan xursand emas. Hatto Germaniyadagi ayrim qahvaxonalar Shryoder va rafiqasining kirishini taqiqlagan.
2014 yilda Shryoder Sankt-Peterburgda 70 yillik yubileyini nishonlagan va tantanada shaxsan Putin qatnashgan edi. Rossiya–Ukraina ziddiyati avjiga chiqqan kunlar sobiq kanslerning G‘arb raqib o‘laroq ko‘radigan davlatda bayram qilishi Germaniya jamoatchiligining keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.
2018 yili Putinning navbatdagi inaugurasiya lavozimida Shryoder ishtirok etgan va Rossiya prezidentining xos a’yonlari qatorida – patriarx Kirill va Dmitriy Medvedev bilan yonma-yon turgan edi. O‘shanda ham olmon matbuoti o‘zini xorijiy davlat rahbarining mulozimi kabi tutayotgan sobiq kanslerni keskin qoralagandi.
2022 yilda sobiq kansler Shryoder Putin bilan do‘stona munosabatlar hamda Rossiya shirkatlaridagi mo‘may daromadli lavozimdan voz kechmayotgani sababli ayrim rasmiy imtiyozlardan mahrum etilgan.