Joriy yilning 7 may kuni Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida birovning avtomobilini olib qochgan voyaga yetmagan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu kuni soat 22:18 da yigit Termiz shahridagi savdo majmuasi yonidan Cobalt mashinasini olib qochgan. Shundan so‘ng holat o‘rganilgan va viloyat miqyosida to‘sib ushlash rejasi boshlangan. Mashina Jarqo‘rg‘on tumanida YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, aylanma yo‘llar orqali qochib yashirinishga uringan.
Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida Cobalt mashinasi soat 23:40 larda to‘xtatilgan. Ammo yigit g‘alla dalasiga qochib ketgan. Transport vositasi voyaga yetmagan shaxs tomonidan olib qochilgan. U M-41 xalqaro avtomobil yo‘lining Jarqo‘rg‘on hamda Qumqo‘rg‘on tumanlarini bog‘lab turuvchi 1561-kilometrida to‘xtatilgan va uni olib qochgan yigit qo‘lga olingan.
Yigit mashinani qarzi borligi uchun olib qochgani, ushbu qarz onlayn qimordan ekani, yutqazgan pul summasi 2000 dollar ekanini aytgan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.