Mart oyida Suriyadagi fuqarolar urushi boshlanganiga 10 yil to‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgacha ushbu urushda qurbon bo‘lganlarning umumiy soni 388 652 taga yetdi. Bu haqda Britaniyada joylashgan Inson Huquqlari Observatoriyasi 14 mart kuni xabar bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyada urush sabab dunyodan o‘tganlarning 117 388 nafarini tinch aholi vakillari tashkil qilgan. Shu jumladan, ularning 22 mingdan ko‘prog‘i bolalar bo‘lgan. Inson Huquqlari Observatoriyasi tinch aholiga qilingan hujumlarning aksariyat qismi Suriya hukumati va uning ittifoqchilari tomonidan amalga oshirilganini ta’kidlagan.
Observatoriya rahbari Rami Abdul Rahmonning aytishicha, urush 2020 yilda mamlakatdagi 10 mingdan ziyod odamni hayotdan olib ketgan. Bu urush boshlangandan beri qayd etilgan yillik eng past o‘lim soni hisoblanadi. Shuningdek, mamlakatning yarim aholisi o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lishgan, yana 200 ming kishi qidiruvdagilar ro‘yxatiga qo‘shilgan.
Bu yili Suriyaning shimoliy qismida tinchlik bitimi imzolangani va koronavirus pandemiyasi tarqalishini to‘xtatishga urinishlar sabab Suriyadagi harbiy to‘qnashuvlar soni kamaygan.
Hozirda Suriya hukumati mamlakatning 60 foiz hududini o‘z nazoratiga olgan. Mamlakatning shimoliy-g‘arbiy hududidagi Idlibda jangari guruhlar hamon saqlanib qolayotgan bo‘lsa, shimoliy chegaradagi yerlar Turkiya nazorati ostida. Shuningdek, mamlakatning shimoliy-sharqiy qismlarini AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kurd kuchlari boshqarmoqda.