AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Suriyada ISHID xalqaro terrorchilik guruhi qo‘mondonlaridan birini yo‘q qildi. Bu haqda CENTCOM e’lon qilgan bayonotda ma’lumot keltirilgan.
Ma’lum qilinishicha, 17 aprel kuni AQSh harbiylarining harbiy vertolyoti orqali o‘tkazilgan operasiyada ISHIDning Suriyadagi yuqori martabali qo‘mondoni yo‘q qilingan.
Xabarga ko‘ra, vafot etgan Abd al-Hadi Mahmud al-Hoji Ali bir nechta terrorchilik hujumlarini rejalashtirgan. Bayonotda u Yaqin Sharq va Yevropada terrorchilik hujumlarini rejalashtirish uchun mas’ul bo‘lgan yetakchi va operativ rejalovchi sifatida ta’riflanadi.
Aytilishicha, vertolyot operasiyasi ISHID chet elda amaldorlarni o‘g‘irlashni rejalashtirganini ko‘rsatuvchi razvedka ma’lumotlari ortidan amalga oshirilgan.
Bayonotda ISHID guruhining yana ikki a’zosining o‘ldirilganiga ham ishora qilinadi, operasiya haqida boshqa tafsilotlar keltirilmagan.
Suriya Inson huquqlari observatoriyasining ma’lum qilishicha, hujum Suriyaning Turkiya bilan chegarasidagi Jarabulus shahridan 25 kilometr g‘arbda joylashgan al-Suvayda qishlog‘idagi binoga uyushtirilgan.