Suriya o‘tish davri hukumati prezidenti Ahmad Ash-Sharaa mamlakatdagi qonli to‘qnashuvlarga haqida izoh berdi.
Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, bu to‘qnashuvlar natijasida alaviy ozchiligidan yuzlab tinch aholi halok bo‘lgan. Ash-Sharaaning ma’lum qilishicha, ushbu voqealarga ag‘darilgan prezident Bashar Asadga sodiq kuchlar va noma’lum bir xorijiy davlat aybdor.
"Suriya g‘arbidagi to‘qnashuvlarni sobiq prezidentning ukasi Mohir Asad boshchiligidagi 4-diviziya harbiylari qo‘zg‘atdi. Ular xorijiy davlatlardan biri tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Isyonchi guruhlar tartibsizliklar va jamoalararo nizo qo‘zg‘atishga urindi", — deya ma’lum qildi Ash-Sharaa Reuters agentligiga.
Shu bilan birga, Suriya prezidenti bunga javoban "katta miqdordagi kuchlar" mamlakatning O‘rta yer dengizi qirg‘og‘iga kiritilgani va ko‘plab huquqbuzarliklar sodir etilganini tan oldi.
Ash-Sharaa to‘qnashuvlarga aloqador xorijiy davlat nomini ochiqlamadi, biroq "Suriyadagi yangi voqelik tufayli yutqazgan tomonlar" haqida gapirdi. Reuters xabariga ko‘ra, bu gaplar Asadning eski ittifoqchisi — Eron tomoniga ishora qiladi. O‘z navbatida, Tehron Suriyadagi zo‘ravonliklarga aloqador ekanligini rad etmoqda.
Ash-Shara tartibsizliklar davomida xavfsizlik kuchlarining 200 nafar xodimi halok bo‘lganini ma’lum qildi, biroq umumiy qurbonlar sonini oshkor etmadi. Unga ko‘ra, bu masala bilan alaviylar ham kirgan mustaqil qo‘mita shug‘ullanadi.
Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlarini kuzatish markazi (SOHR) bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 6 martdan buyon 1400 dan ortiq odam, jumladan, 973 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.