Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian tahdidlar ostida AQSh bilan muzokaralarni rad etdi.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian tahdidlar ostida AQSh bilan muzokaralarni rad etib, prezident Donald Trampga "Qo‘lingdan kelganini qil" deya murojaat qildi. Bu haqda Eron davlat ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.
Shuningdek, u yaqinda Tramp va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi Oq uy Oval kabinetidagi to‘qnashuvga ishora qilib, AQSh tashqi siyosatini tanqid qildi. "Yaqinda Zelenskiyga qilgan muomalangizdan so‘ng o‘zingizdan uyalishingiz kerak," dedi Pezeshkian seshanba kuni kechqurungi nutqida.
Eron va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar keskinligicha qolmoqda. Vashington Tehronni yangi yadro kelishuviga majburlashga urinmoqda. Tramp o‘z ma’muriyatining Eronni iqtisodiy jihatdan izdan chiqarishga qaratilgan "maksimal bosim" strategiyasini qayta joriy etdi, shu bilan birga Eronga harbiy harakatlar bilan tahdid solmoqda.
Tehron uzoq vaqtdan beri o‘zining yadro dasturi tinch maqsadlarga yo‘naltirilganini ta’kidlab kelmoqda.
Pezeshkian Tehron Vashington tomonidan qo‘yiladigan talablarni qabul qilmasligini aniq-ravshan bayon etdi. "AQSh bizga buyruq berib, tahdid qilishi biz uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Men sizlar bilan hatto muzokara ham qilmayman. Nimani xohlasangiz, shuni qilavering," deya uning so‘zlarini davlat ommaviy axborot vositalari keltirdi. Biroq, u yana shuni ham qo‘shimcha qildiki, "agar muzokaralar qadr-qimmat bilan, o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarga asoslanib olib borilsa, biz o‘tirib suhbatlashishga tayyormiz."