Suriya hukumati 2018–2019 yillarda Moskvaga 250 million dollarlik ikki tonna naqd pul o‘tkazgan.
Financial Times nashrining iddaosicha, Asad rejimi deyarli ikki tonna og‘irlikdagi 100 dollar va 500 yevrolik banknotlarni Moskvaning Vnukovo aeroportiga tashib o‘tgan. Jumladan, 2019 yil fevral oyida Suriya Markaziy banki Moskvaga 20 million yevroga yaqin, o‘sha yilning may oyida esa 10 million dollar jo‘natgan. Hammasi bo‘lib, bu davrda Suriyadan Moskvaga 21 ta reys amalga oshirilib, samolyotlarda jami 250 million dollardan ortiq mablag‘ tashilgan.
O‘rganilgan hujjatlarga ko‘ra, ushbu mablag‘lar Rossiyaning ikki banki – «Rossiya moliya korporasiyasi» (RFK) va SMRBankga jo‘natilgan. Qayd etilishicha, RFK Rossiya davlat qurol eksport kompaniyasi bo‘lgan «Rosoboroneksport» tarkibiga kiradi.
Gazetaning qo‘shimcha qilishicha, Suriya markaziy banki «Suriya diktatori Kremldan harbiy yordam uchun qarzdor bo‘lgan va uning qarindoshlari Rossiyadagi aktivlarini yashirincha sotib olgan bir davrda» pullarni Moskvaga o‘tkazgan. Ayni nashr 2019 yilda Bashar Asadning qarindoshlari 2013 yildan boshlab Moskvada kamida 20 ta ko‘chmas mulk, jumladan, Moskva shahridan 19 ta kvartira sotib olgani haqida yozgan.
Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilgacha Suriya markaziy banki Rossiya banklariga pul yubormagan.
Biroq 2018-2019 yillarda Damashqdan pul olgan ikki rus banki Suriya yoki boshqa davlatdan boshqa naqd pul qabul qilgani haqida hech qanday dalil yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 8 dekabr kuni Suriya qurolli guruhlari Damashqqa tezkor hujum uyushtirganidan so‘ng Bashar Asad Suriya prezidenti lavozimidan ketdi va mamlakatni ham tark etdi. Ayrim manbalarda Rossiya rasmiylari Asadni Suriyani tark etishga ko‘ndirgani va uning qochishi Rossiya razvedkasi tomonidan uyushtirilgani haqida yozadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Asad va uning oilasiga Rossiyadan boshpana berdi.