Bugun 9 may, 2025 yil, juma

КИР

Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Sun’iy intellekt hayotimizning turli sohalari rivojlanishiga ta’sir qiluvchi asosiy omilga aylanib bormoqda. Ushbu texnologiyalar unumdorlik va samaradorlikni oshirishdan tortib, ilm-fan va innovasiyalardagi yutuqlarga qadar ulkan foyda keltirish salohiyatiga ega. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, e’tiborni sun’iy intellektni rivojlantirishga qaratib, muvaffaqiyatli transformasiya jarayonini ta’minlashga va mamlakatimiz texnologiya olamida yetakchi o‘rinni egallashga intilish kerak. Ana shularni inobatga olgan holda mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada oxirgi yillarda “Davlat va moliya xizmatlarini ko‘rsatishda biometrik identifikasiyalash (My ID) uchun sun’iy intellektni qo‘llash” tajriba-sinov loyihasi “UZINFOCOM” Yagona integrator MCHJ tomonidan ishlab chiqildi va ishga tushirildi.

Bugungi kunda 23 ta bank (umumiy banklarning 74 foizi), 5 ta davlat tashkilotlarida “My ID” loyihasidan foydalanmoqda hamda 2,5 mln.dan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi.

Biometrik identifikasiyalash jarayoni ishga tushirilgandan so‘ng, korxonalarda shaxsni identifikasiyalash jarayoniga ketadigan vaqt 1 soniyaga tushirildi hamda hujjatlarni tekshirish jarayoni butkul avtomatlashtirildi.

“Qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlari monitoringi” tajriba-sinov loyihasi doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llovchi geoaxborot tizimi yaratildi. Unda ma’lumotlar uchta mustaqil manba – Yevropa Ittifoqining “Sentinel“ kosmik apparatlarining multispektral suratlari, vazirlikning 9 ta uchuvchisiz uchish apparatlari materiallari va 200 ta bevosita dala ma’lumotlarini yig‘uvchilarining haqiqiy vaqt rejimida yig‘iladigan ma’lumotlari tahlil qilindi.

2022-2023 o‘quv yili uchun “Sun’iy intellekt” yo‘nalishida kadrlar tayyorlash bo‘yicha jami 6 ta oliy ta’lim muassasalarida 245 ta (231 ta bakalavr, 14 ta magistratura) kvota ajratildi.

Oliy attestasiya komissiyasi tomonidan doktaranturada “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt” yo‘nalishi ochildi va 2022 yildan boshlab sun’iy intellekt sohasida doktoranturaga 5 ta kvota va mustaqil tadqiqotchilar uchun maqsadli kvota ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasining hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksidagi o‘rnini yaxshilash maqsadida xorijiy tajribani o‘rganish ishlari olib borildi.

Buyuk Britaniyaning “Oxford Insights” tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan “Government Artificial Intelligence Readines Index”da ko‘rsatilgan statistika bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi 2019 yilda 158-o‘rinni, 2020 yilda 95-o‘rinni, 2021 yilda 93-o‘rinni va 2022 yilda 79-o‘rinni egallagan.

Bugungi kunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida"gi farmoni bilan tashkil etilgan “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi” bilan hamkorlikda mamlakatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksidagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Sun’iy intellektga tayyorlik indeksida O‘zbekiston Respublikasi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Dasturda:

– iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, davlat boshqaruvi tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanishda yagona talablar, javobgarlik, xavfsizlik va shaffoflikni belgilovchi normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish;

– qishloq xo‘jaligi sohasida: yerni masofadan zondlash ma’lumotlari asosida tuproq va qishloq xo‘jaligi ekinlari holatini, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasi, shu jumladan kombaynlar ishini monitoring qilish jarayonida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash;

– energetika sohasida: energiya resurslarini ishlab chiqarish va ularning iste’molini prognoz qilishda, texnologik uskunalar ishini optimallashtirishda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash;

– sog‘liqni saqlash sohasida: inson o‘pkasining kompyuter tomografiyasi tahlili asosida pnevmoniyani aniqlash hamda mammografiya tahlili asosida ko‘krak bezi saratoniga ilk bosqichda tashxis qo‘yish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash;

– elektron hukumat sohasida esa elektron davlat va moliya xizmatlarini ko‘rsatishda foydalanuvchilarni masofadan turib biometrik identifikasiyalash ko‘zda tutilgan.

– Sun’iy intellekt muntazam vazifalarni avtomatlashtirishi mumkin, bu esa insonlarga yanada murakkab vazifalarga e’tibor qaratishlari uchun vaqtni bo‘shatish imkonini beradi. Bu ish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi, – deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Aziz Otabekov. – Shuningdek, sun’iy intellekt yangi g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqishga, ilgari imkoni bo‘lmagan mahsulot va xizmatlarni yaratishga imkon beradi. Masalan, tibbiyotda sun’iy intellekt kasalliklarni tashxislash va davolashda, avtosanoatda esa avtonom transport-vositalarini yaratishda yordam beradi. Biroq, sun’iy intellektning rivojlanishi axloq, maxfiylik va xavfsizlik sohasida ham savollar tug‘diradi, shuning uchun, tegishli qoidalar va qonunlarni ishlab chiqish, sun’iy intellektdan samarali foydalanish va himoya qilish uchun mutaxassislarni tayyorlash muhimdir.

Kiritildi: 15:52 24.10.2023. O'qildi: 2732 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!