Bugun 3 noyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Sudan Davlat vaziri: RSF kuchlari El-Fasher qo‘lga olinganidan keyingi dastlabki kunlarda 300 ayolni o‘ldirdi

Sudan Davlat vaziri: RSF kuchlari El-Fasher qo‘lga olinganidan keyingi dastlabki kunlarda 300 ayolni o‘ldirdi

Tezkor aralashuv kuchlari (RSF) Sudanning Shimoliy Darfur viloyati markazi El-Fasher qo‘lga olinganidan keyingi dastlabki kunlarda 300 nafar ayolni o‘ldirgan.

Bu haqda Sudan ijtimoiy ta’minot bo‘yicha davlat vaziri Selima Ishoq “Anadolu” agentligiga ma’lum qildi.

Ishoqning ta’kidlashicha, Sudan armiyasiga qarshi kurashayotgan va tinch aholiga, xususan Darfur mintaqasida qirg‘in uyushtirishda ayblanayotgan RSF guruhi tomonidan jiddiy inson huquqlari buzilish holatlari sodir etilgan.

“RSF El-Fasherga kirganidan keyin 48 soat ichida 300 ayol o‘ldirilgan. Shaharda ayollar jinsiy zo‘ravonlik, jismoniy tazyiq va qiynoqlarga duchor bo‘lmoqda. El-Fasher aholisi doimiy terror muhitida yashashda davom etmoqda: odamlar haqoratlanmoqda, urib-so‘kilmoqda, qiynoqqa solinmoqda. Bu yerda sodir bo‘layotgan voqealar tizimli etnik tozalashdan boshqa narsa emas, xalqaro hamjamiyat esa bunga ko‘z yummokda”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, El-Fasherdan qochib, qo‘shni Tavila shahriga boshpana izlab borgan fuqarolar ham xavf ostida qolgan.

“Bu shaharlar orasidagi yo‘llar haqiqiy ‘o‘lim yo‘laklari’ga aylangan”, — dedi u.

Sudandagi mojaro va RSFning roli

2023 yil 15 apreldan beri Sudan armiyasi va RSF qo‘shinlari o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar davom etmoqda. Mojarolar natijasida 14 milliondan ortiq odam o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.

Sudan armiyasi poytaxt Xartum va markaziy hududlar ustidan nazoratni tiklagan bo‘lsa, RSF mamlakat g‘arbidagi kuchlarini jamlagan.

RSF Darfur mintaqasidagi besh viloyatdan to‘rttasining markazini nazorat qiladi hamda 2024 yil may oyidan beri Shimoliy Darfur viloyatining markazi — El-Fasherni qamal qilib, shaharga muntazam hujum qilib kelmoqda.

Avvalroq BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Tyurk El-Fasherda tinch aholining o‘limi va jarohat olishiga oid ma’lumotlarni keskin qoralagan edi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina 5–8 oktyabr kunlari RSF kamida 53 nafar tinch fuqaroni o‘ldirgan va 60 dan ortiq odam yaralangan.

Kiritildi: 14:11 02.11.2025. O'qildi: 1225 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!