Bugun 17 dekabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

SSV: O‘zbekistonda yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim ko‘rsatkichi 56,2 foizga kamaydi

A A A
SSV: O‘zbekistonda yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim ko‘rsatkichi 56,2 foizga kamaydi

Butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimiz aholisi orasida yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish holatlari ko‘p uchraydi. Ayniqsa, arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, yurak aritmiyalari, surunkali yurak yetishmovchiligi, tug‘ma yurak nuqsonlari eng ko‘p qayd etilayotgan xastaliklar sirasiga kiradi.

Mamlakatimizda tibbiyot, xususan, kardiologiya sohasiga qaratilayotgan e’tibor, uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va hududlarda yo‘lga qo‘yilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari natijasida keyingi yillarda bu borada bir qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Xususan, o‘tgan 2022 yilning 9 oyi davomida yurtimizda yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim ko‘rsatkichi 56,2 foizga kamaydi.

Albatta bunday natijaga erishishda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida joriy etilayotgan ilg‘or davolash va eng so‘nggi diagnostika usullarining ahamiyati katta.

— Shifoxonamiz yurtimizdagi eng yirik tibbiyot muassasalaridan biri hisoblanadi, — deydi markaz direktori o‘rinbosari Anvar Karimov. — Bu yerda ilmiy salohiyat bilan amaliy tibbiyot integrasiya qilingan bo‘lib, bemorlar belgilangan standartlar hamda klinik protokollar bo‘yicha sifatli davolanadi.

Bugungi kunda muassasamizda 5 ta — arterial gipertenziya, yurak ishemik kasalliklari, yurak aritmiyalari, yurak yetishmovchiligi va nekoronarogen miokard kasalliklari hamda funksional tekshiruvlar va klinik bioximiya ilmiy laboratoriyalari tashkil etilgan.

Ularda yurak-qon tomir xastaliklariga chalingan bemorlarni o‘z vaqtida tashxislash va davolashni optimallashtirish, hayot uchun xavfli yurak kasalliklarini bartaraf etish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi.

Markazning funksional diagnostika, klinik bioximiya laboratoriyalari hamda klinik bo‘limlari eng zamonaviy yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Ayni paytda shifoxonada yurakning murakkab aritmiyalarida EFI/RCHA, AKSh operasiyasini miniyondoshuv orqali amalga oshirish, bir vaqtning o‘zida bir necha jarrohlik amaliyotlarini bajaruvchi gibrid, qo‘shma operasiyalar, tug‘ma yurak nuqsonlarini invaziv usulda bartaraf etish yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, yurak aritmiyalarida va surunkali yurak yetishmovchiligida dori vositalarini saralash va dozasini titrlash orqali bemorlarni davolash ham markaz faoliyatining o‘ziga xos yo‘nalishlaridan.

Shu bois bugun kardiologik xastaliklarga chalingan ko‘plab yurtdoshlarimiz va qo‘shni mamlakatlar fuqarolari ushbu muassasa va uning hududiy filiallarida davolanib, o‘z salomatliklarini tiklamoqda.

Ta’kidlash kerak, joriy yilning 9 oyi davomida markazning maslahat poliklinikasiga jami 24 ming 700 nafar bemor murojaat qilib, ularga mutaxassislar tomonidan malakali tibbiy maslahatlar berildi. Shuningdek, 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida 6 ming 325 nafar bemor muassasada stasionar sharoitda davolandi.

Kiritildi: 17:21 24.10.2022. O'qildi: 5598 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!