Bugun 6 iyun, 2025 yil, juma

КИР

SSV: Tibbiyot xodimlari yangi ishlab chiqilgan milliy klinik protokollarni qo‘llash bo‘yicha o‘qitiladi

A A A
SSV: Tibbiyot xodimlari yangi ishlab chiqilgan milliy klinik protokollarni qo‘llash bo‘yicha o‘qitiladi

Ma’lumki, joriy yil 5 fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning Loyiha ofisiga xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish topshirilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosi doirasida aholi orasida ko‘p uchraydigan kasalliklarni davolash yuzasidan 9 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha milliy klinik protokollar ishlab chiqilib, SSVning 2024 yil 14 iyundagi 195-son buyrug‘i bilan tasdiqlandi.

Yangi protokollarni yil yakuniga qadar barcha davolash-profilaktika muassasalari amaliyotiga joriy etish maqsadida SSVning 2024 yil 5 avgustdagi 257-son buyrug‘i bilan tibbiyot xodimlarini onlayn va offlayn formatda bosqichma-bosqich o‘qitish belgilandi.

Shu maqsadda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining axborot tizimi (my.tipme.uz) va “Elektron ta’lim” LMS-axborot tizimi o‘zaro integrasiya qilinib, 144 kredit (144 soat)dan iborat bo‘lgan umumiy malaka oshirish kurslari ishlab chiqildi. Ushbu kursni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga berilgan sertifikat ularga malaka toifalari berishda inobatga olinadi.

Tasdiqlangan rejaga ko‘ra, avgust oyi oxiridan barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari oilaviy shifokorlari va hamshiralari platforma orqali o‘qitiladi.

O‘quv kurslari qay tartibda o‘tkaziladi?

Malaka oshirish kurslari 3 bosqichdan iborat bo‘lib, o‘quv jarayoni onlayn (nazariy qism) va offlayn (amaliy mashg‘ulotlar) tarzda olib boriladi.

Birinchi bosqichda tinglovchilar onlayn tarzda har bir milliy protokol asosida tayyorlangan o‘quv modullari bo‘yicha malaka kursini o‘zlashtiradi. Bunda:

tibbiyot xodimi dastlab my.tipme.uz yoki minzdrav.cloudstudy.uz saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi;
tinglovchi ro‘yxatdan o‘tgan sanadan boshlab uch oy davomida kursga kirishi mumkin;
har bir o‘quv moduli boshlanishidan avval tinglovchining bilim darajasi boshlang‘ich test nazorati asosida baholanadi;
shundan so‘ng tinglovchi ketma-ketlik bilan onlayn tarzda o‘quv modulini o‘zlashtiradi va har bir moduldan so‘ng oraliq nazorat testini topshiradi;
oraliq nazorat natijasi qoniqarsiz bo‘lganda, qayta topshirish uchun imkoniyat beriladi;
barcha o‘quv modullari o‘zlashtirilgach, onlayn o‘quv kursi bo‘yicha yakuniy test topshiriladi, natija qoniqarsiz bo‘lsa, qayta topshirishga imkoniyat beriladi, yakuniy testdan ikkinchi marotaba ham o‘ta olmagan tinglovchiga faqat kursni o‘qiganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi va u kursni pulli asosda qayta o‘qiydi;
kursni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchiga keyingi bosqichga o‘tish uchun QR-kodli onlayn ruxsatnoma taqdim etiladi.

Test sinovlari quyidagicha baholanadi:

to‘plangan to‘g‘ri javoblar hajmi umumiy test topshiriqlari ulushining 70 foizi (hamshiralar uchun — 60 foiz) va undan ortig‘ini tashkil etganda — “o‘tdi”;
69 foiz (hamshiralar uchun — 59 foiz) va undan kam natijaga erishilganda — “o‘tmadi” deb baholanadi.

Ikkinchi bosqichda:

tinglovchilar offlayn tarzda tegishli amaliy ko‘nikmalarni qo‘llash bo‘yicha malaka oshirish kursini o‘zlashtiradi, buning uchun 10 kungacha mahorat maktabi tashkil etiladi;
yakunda tinglovchi barcha modullar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirganlik bo‘yicha imtihon topshirib, undan muvvafaqiyatli o‘tganlarga davlat namunasidagi maxsus sertifikat topshiriladi;
ushbu sertifikat uchinchi bosqichga o‘tish uchun asos hisoblanadi;
yakuniy imtihondan o‘ta olmaganlarga ikkinchi imkoniyat beriladi, unda ham o‘ta olmaganlarga faqat kursni o‘qiganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi.

Uchinchi bosqichda:

Malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarning o‘zlashtirish darajasini baholash uchun ixtiyoriy ravishda yakuniy imtihon o‘tkaziladi. Bunda:

yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilar bir yil davomida amal qiladigan davlat namunasidagi malaka sertifikatiga ega bo‘ladi;
bunday sertifikatni olgan tibbiyot xodimlarining har oylik ish haqiga qo‘shimcha ustama belgilanadi;
yakuniy imtihon qoniqarsiz topshirilganda, qayta topshirish uchun imkoniyat beriladi.

Kiritildi: 11:45 20.08.2024. O'qildi: 3263 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!