Bugun 17 dekabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

SSV: Bahordan O‘zbekiston tibbiyot xodimlarining Fransiyada malaka oshirish amaliyoti boshlanadi

A A A
SSV: Bahordan O‘zbekiston tibbiyot xodimlarining Fransiyada malaka oshirish amaliyoti boshlanadi

Fransiya — tibbiyot sohasida ham dunyoning peshqadam mamlakatlaridan biri. Shu sababli bu yerga diagnostika, terapevtik muolajalar va murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun ko‘plab davlatlardan bemorlar kelishadi.

Yana bir e’tiborli jihati, Fransiya aholisi o‘rtasida yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim ko‘rsatkichlari past darajada. Bularning barchasi tibbiyot sohasida ushbu mamlakat bilan hamkorlik qilish va tajriba almashish qanchalik muhimligini anglatadi.

Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligida Fransiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez xonim bilan o‘tkazilgan muloqotda ayni shu masalalar muhokama etildi.

Uchrashuv avvalida elchiga pandemiya davrida Fransiya davlati tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam, jumladan, kornavirusga qarshi vaksinalar berilgani uchun alohida minnatdorlik bildirildi.

O‘z navbatida, Oreliya Bushez xonim Fransiya sog‘liqni saqlash tizimi boshqaruvida alohida o‘rin tutuvchi “AP-HP” — Fransiyaning davlat tibbiyot muassasalari assosiasiyasi faoliyati haqida to‘xtalib, ushbu tuzilma bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Ta’kidlanganidek, “AP-HP” nafaqat Yevropa, balki butun dunyodagi eng yirik shifoxonalar tizimidir. U tibbiyotning 52 yo‘nalishi bo‘yicha innovasion yechimlar asosida faoliyat olib boradi. Assosiasiyaga qarashli 44 ta shifoxonada 90 mingdan ziyod xodim yiliga 5,8 million nafardan ortiq bemorga xizmat ko‘rsatadi.

Muloqot chog‘ida ushbu assosiasiya bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida anglashuv Memorandumini imzolashga kelishildi. Bu esa tibbiy sug‘urta, davolash muassasalarini modernizasiyalash, talabalarni o‘qitish, pediatriya, akusherlik-ginekologiya, gematologiya, onkologiya, oftalmalogiya, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati kabi qator yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Qolaversa, sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv menejmenti tamoyillarini joriy qilish, farmasevtika sanoatini rivojlantirish va bu sohaga investisiyalar kiritish, kadrlar malakasini oshirish, sanitariya xavfsizligi sohalarida ham Fransiya tajribasini o‘rganish va ommalashtirishga ehtiyoj yuqori.

Yana bir yangilik: shu yilning bahoridan O‘zbekistondagi tibbiy laboratoriyalar xodimlarining Fransiya hukumati ko‘magida ushbu davlatda malaka oshirishiga kelishildi.

Bundan tashqari, muloqotda nafaqat Fransiya, balki jahon aviasozlik sanoatida yetakchi mavqega ega bo‘lgan “Airbus” kompaniyasining vertolyotlaridan kelgusida mamlakatimiz shoshilinch tibbiy yordam xizmatida foydalanish masalasi yuzasidan ham fikr almashildi.

Kiritildi: 20:40 27.01.2022. O'qildi: 1830 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!