Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi 33 yoshli (ayol) A.E. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 1.275.000 so‘m pullar noma’lum tarzda yechib olinganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashovchi 31 yoshli O.O. sodir etganligi aniqlandi.
Gumon qilinuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan O.O. Internet foydalanuvchilariga “Telegram” messenjeri orqali turli xil mazmunlarda yolg‘on e’lonlar ostida soxta havola jo‘natib kelgan. Aldovlarga ishonib, soxta havolaga bank kartasi ma’lumotlarini kiritgan shaxslarning bank kartalari boshqaruvini qo‘lga kiritib, ular hisobidagi pullarni o‘zlashtirib kelganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O.O.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.