Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda koronavirus ta’siri eng yuqori bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta’tillari va kredit qarzlari bo‘yicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Prezidentimiz joriy yil 19 mart kuni “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Mazkur hujjatda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan mamlakatda koronavirus (COVID – 19) epidemiyasining tarqalishiga qarshi karantin munosabati bilan jismoniy shaxslar va korxonalar uchun bir qator soliq imtiyozlari va yengilliklar tasdiqlandi.
Xususan, 2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning minimal bazaviy summasi (223 ming so‘m) 50 foizgacha kamaytirildi. Bu 239 ming yakka tartibdagi tadbirkorga 155 milliard so‘m mablag‘ini tejash imkoniyatini beradi.
Tuman, shahar xalq deputatlari Kengashlariga faoliyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita turizm sohasiga bog‘liq bo‘lgan 3 ming 167 yakka tartibdagi tadbirkor uchun daromad solig‘ining qat’iy belgilangan miqdorini 30 foizga kamaytirish tavsiya etildi. Shu tariqa bu tadbirkorlar hisobida 2,3 milliard so‘m qoladi.
Jismoniy shaxslarning 2019 yil uchun jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklarasiyani topshirish muddati 2020 yil 1 avgustgacha hamda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘ini to‘lash muddati 2020 yil 15 oktyabrgacha uzaytirildi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha 7,3 million fuqaroga 2020 yil uchun 2 trillion so‘m soliqlar hisoblangan edi. Bu soliqlarning 15 aprelgacha to‘lanishi kerak bo‘lgan 1 trillion so‘mga teng qismi muddati ham 15 oktyabrga qadar uzaytirildi.
2020 yil 1 apreldan xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan jismoniy shaxslarning daromadlari soliqdan ozod qilindi. Bu o‘rtacha 28,4 milliard so‘mni tashkil etadi.
Joriy yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ajratmalari 5 foizdan 3 foizga pasaytirildi. Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun yig‘imlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytirildi. Ushbu imtiyozlardan 7 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti foydalanib, ular ixtiyorida 17,1 milliard so‘m qoladi.
Mazkur hujjatga muvofiq qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun foydalaniladigan hajmlar bo‘yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020 yilda o‘rnatilgan stavkalardan 50 foizga pasaytirildi. Bu imtiyozdan 83 mingta fermer xo‘jaligi foydalanib, ularga suv solig‘idan belgilangan 300 milliard so‘mlik to‘lovlar o‘rniga 150 milliard so‘m to‘lash yoki ixtiyorida shuncha mablag‘larni tejab qolish imkoniyatini beradi. Bu mamlakatimizda kelgusida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxi oshmasligi uchun zamin bo‘ladi, albatta.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tadbirkorlik sub’ektlariga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lash bo‘yicha foizlarni undirmasdan 6 oyga kechiktirish imkoniyatini (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) taqdim etdi. Bundan 14 ming 828 sub’ekt foydalanishi mumkin.
Bundan tashqari, ba’zi tadbirkorlar tovar, turli uskunalar olish uchun chet eldagi hamkorlariga mablag‘ yo‘naltirgan, lekin koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli mahsulot o‘z vaqtida yetib kelmagan bo‘lishi mumkin. Endilikda Prezident farmoni bilan bunday vaziyatda qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi. Bu dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 813 sub’ektga 717,2 milliard so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi, degani.
Davlat soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha penyalarni hisoblashni to‘xtatib turadi, shuningdek, soliq qarzini majburiy undirish choralari ko‘rilmaydi.
Prezidentimizning 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan 2018-2019 yillarda tadbirkorlik sub’ektlarida hujjatli tekshirishlarni o‘tkazmaslik to‘g‘risida moratoriy e’lon qilingan edi. Shu moratoriy bir yilga – joriy yil yakuniga qadar uzaytirildi. Shuningdek hozirgi kunda tadbirkorlik sub’ekti qiyinchilikka uchrayotgan bo‘lsa, ularga soliqlar va asosiy to‘lovlarni uzaytirish huquqi berildi. Shu bilan birga hech qanday jarima choralari qo‘llanilmaydi.
Prezidentimizning topshirig‘iga ko‘ra har bir tadbirkor bilan yangicha tizim asosida ishlaymiz. Toki tadbirkorlik sub’ekti bugungi vaziyatda biznes qilishdan qo‘rqmasligi, Prezident himoyasida ekanini sezishi kerak.
Shuningdek, soliq organlari soliq to‘lovchilarga majburiyatlarini uylaridan chiqmagan holda bajarishlari uchun masofadan turib xizmat ko‘rsatishni ko‘paytirmoqda. Mavjud 45 ta interaktiv xizmatning zudlik bilan mobil ilovalari yaratildi va soliq hisobotlarini topshirishdan tortib, to‘lovlarni amalga oshirishgacha imkoniyat mavjud.
Bugungi og‘ir sharoitda davlat o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, maktabgacha tarbiya, ichki ishlar va boshqa davlat idoralari xodimlarining o‘z vaqtida maoshlarini to‘lab berishi, nafaqalar hamda pensiya to‘lovlarini amalga oshirishi uchun soliq tushumlarining o‘rni katta va fuqarolarimiz, tadbirkorlarimizni uyidan turib, yaratilgan qulayliklardan foydalangan holda soliq majburiyatlarini vaqtida bajarishga chaqirib qolamiz.
Behzod MUSAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Davlat soliq qo‘mitasi raisi