Myunxen xavfsizlik konferensiyasi raisi va sobiq kansler Angela Merkelning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha uzoq yillik maslahatchisi Kristof Xoysgen Rossiya agressiyasidan himoyalanish uchun Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish tarafdori ekanini bildirdi. Xoysgen xuddi shunday fikrni 29 yanvar, yakshanba kuni Germaniyaning ARD jamoat-huquqiy telekanalining Europamagazin dasturi efirida aytdi.
«Menimcha, qiruvchi samolyotlar yetkazib berish Ukrainani hujumlardan yaxshiroq himoya qilish uchun adekvat qadam bo‘ladi», - dedi Xoysgen.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Amerikaning to‘rtinchi avlod F-16 qiruvchi samolyotlari yoki GDRning eski zaxiralaridan Sovet Ittifoqi tomonidan ishlab chiqarilgan jangovar samolyotlar haqida ketishi mumkin.
Xalqaro qonunlarga ko‘ra, xorijiy kuchlarga Ukrainaga qurol-yarog‘, jumladan, jangovar tanklar, shuningdek, jangovar samolyotlar yetkazib berishga ruxsat berilgan, deya qo‘shimcha qildi Kristof Xoysgen.
Myunxen xavfsizlik konferensiyasi rahbari 18 yanvar kuni Reuters agentligiga bergan intervyusida Yevropa tashqi aloqalar kengashining Ukrainaga Leopard 2 tanklarini birgalikda yetkazib berish va ukrainalik harbiylarni ularni boshqarishga o‘rgatish bo‘yicha Yevropa konsorsiumini yaratish taklifini to‘g‘ri deb baholadi.