Bugun 28 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

«Snos» tufayli fuqarolar va tadbirkorlarga yetkazilgan zararni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuzildi

A A A
«Snos» tufayli fuqarolar va tadbirkorlarga yetkazilgan zararni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuzildi

O‘zbekiston prezidentining «Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi F-5491 farmoyishi qabul qilindi.

Farmoyishda belgilanishicha, yer uchastkalari noqonuniy olib qo‘yilganligi munosabati bilan mulkdorlarga zarar yetkazilganligi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Farmoyishga ko‘ra, 2019 yil 5 avgustdan boshlab fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining yer uchastkalarini olib qo‘yish hamda ko‘chmas mulk ob’ektlarini buzish ishlari quyidagicha 3 bosqichda amalga oshiriladi:

·       hokimlar tomonidan buzilishi rejalashtirilgan hudud bo‘yicha materiallar to‘plami Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

·       Vazirlar Mahkamasida shaharsozlik talablari bo‘yicha va moliyaviy hisob-kitoblar bo‘yicha xulosalar tayyorlanadi;

·       xulosa bosh vazirga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritiladi.

Shuningdek, prezident farmoyishi bilan quyidagilar tasdiqlangan:

·       er uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilgan zarar miqdorini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi va hududiy ishchi guruhlar tarkibi;

·       xatlovdan o‘tkazishga ko‘maklashish uchun hududlarga biriktiriladigan mas’ullar ro‘yxati;

·       xatlovdan o‘tkazish hamda ularni qoplashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi rahbari etib bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri J.Qo‘chqorov tayinlangan.

Shuningdek, hisob palatasi raisining o‘rinbosari M.Abdullayev, bosh prokuror o‘rinbosari S.Saidkarimov, iqtisodiyot va sanoat vaziri B.Xo‘jayev, qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari B.Zokirov, adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev, davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Musayev, yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi A.Abdullayev, davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.Haydarov, Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining ommaviy kommunikasiyalar masalalari bo‘yicha markazi direktori D.Ziyomuhammedova, Prezidentning davlat xavfsizligi xizmati mas’ul xodimi T.Niyozov, davlat xavfsizlik xizmati mas’ul xodimi R.Tursunov ishchi guruh tarkibiga kiritilgan.

Respublika hududlarida olib qo‘yilgan yer uchastkalarini hamda shu munosabat bilan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilgan zararlar miqdorini (tovon pullari) xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlarning namunaviy tarkibi ham belgilab berilgan. Eng xarakterlisi, guruhga viloyat, tuman/shahar hokimlari kiritilmagan. Faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari ishchi guruh rahbari o‘rinbosari etib ko‘rsatilgan. Hududiy ishchi guruhga hisob palatasi vakili rahbarlik qiladi.

Xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhga quyidagi vazifalar topshirilmoqda:

·       fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilgan zararlarni joylarga chiqqan holda xatlovdan o‘tkazib, ularning qonunchilikka muvofiq bozor qiymati asosida haqqoniy va adolatli miqdorini belgilash;

·       etkazilgan zararlarni qoplashning aniq manbalari belgilanishi, agar zarar mansabdor shaxsning noqonuniy qarori qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan bo‘lsa — mazkur mansabdor shaxslardan regress tartibida undirib olish;

·       aybdor mansabdor shaxslarga javobgarlik choralari ko‘rish hamda qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish;

Ta’kidlanishicha, prezidentning ushbu farmoyishi yer uchastkalarini olib qo‘yish va mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini belgilovchi hukumat qarori qabul qilinguniga qadar amal qiladi. Hukumat qarori esa bir oy muddatda qabul qilinadi va quyidagilarni nazarda tutadi:

·       davlat dasturlari, yirik investisiya va boshqa loyihalarni hududdagi ko‘pchilik aholining fikrini inobatga olgan holda amalga oshirish;

·       er uchastkalari olib qo‘yilishida ularda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining mulkdorlari bilan ochiq muhokamalar o‘tkazgan holda, birinchi navbatda, eskirgan va avariya holatidagi uy-joy fondi ob’ektlari, shu jumladan foydalanilmayotgan ob’ektlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalarini tanlab olish;

·       hokimlar tomonidan yer uchastkalarini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilish uchun ushbu hududda joylashgan turar va noturar ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlarining roziligini olish hamda yer uchastkasi olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha yozma kelishuv tuzish.

Kiritildi: 05:00 05.08.2019. O'qildi: 1736 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!