Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Sir ochildi: Samarqand nonining xamiri muzdek suvda tayyorlanadi

Sir ochildi: Samarqand nonining xamiri muzdek suvda tayyorlanadi

Samarqand haqida gap ketganda, avvalo, uning tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari, betakror tabiati va albatta, olamga mashhur noni tilga olinadi. Samarqand nonining ta’rifu tavsifi haqida turli fikrlar aytilgan. Uni boshqa joyda tayyorlab bo‘lmasligi, o‘ziga xos siri borligi to‘g‘risidagi fikrlarni ko‘p eshitganmiz. Qiziq, asli haqiqat qanday?

 

20.JPG

 

Ushbu savolga javob topish maqsadida Samarqand shahrining Galaosiyo mahallasida bo‘ldik. Mazkur mahalla ahlining ko‘pchiligi novvoylik bilan shug‘ullanadi. Shu bois haqiqiy Samarqand noni deb e’tirof etiladigan vazni 1,5 – 2 kilogramm tosh bosadigan nonlar “Galaosiyo noni” deb yuritiladi.

 

Samarqand nonining tayyorlanish sirlari haqida bilish uchun mahallada istiqomat qiluvchi usta novvoylardan biri Orziqul Zohidovning ish faoliyatini kuzatdik. Asli mutaxassisligi quruvchi-muhandis bo‘lsa-da, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan novvoylik kasbini munosib davom ettirib kelayotgan Orziqul akadan yuqoridagi savollarga javob olishga harakat qildik.

 

1.JPG

 

2.JPG

 

4.JPG

 

-Samarqand nonini tayyorlashning hech qanday siri yo‘q, - deydi novvoy. – Faqat mehr kifoya. Har qanday ishga, har qanday narsa-buyumni tayyorlashda qunt bilan, mehr bilan ishlansa, u mukammal bo‘ladi. Boshqa joyda ham xuddi shunday non tayyorlash mumkin. Ba’zilar xamir tayyorlashning siri bor, hududning suvi va havosi ham o‘zgacha degan fikrlarni aytishadi. Aslida xamir tayyorlanadigan joy va uning haroratiga e’tibor qilish lozim. Xamir tayyorlanadigan joy alohida bo‘lishi, uning harorati doim bir xil — 25 darajada saqlanishi kerak. Agar xona harorati tushsa yoki ko‘tarilsa, nonning sifatiga ta’sir qiladi. Bir xil haroratda tayyorlangan xamir to tandirga kirguncha o‘sha joyda ishlov beriladi. Xamir doim muzdek suvda tayyorlanadi. Bir necha bor qo‘lda ishlov berib, tindiriladi. Qachon xamir me’yoriga yetsa undan keyin shakl berilib, yasaladi. Buning uchun 12-14 soatcha vaqt talab etiladi. Tandirni tayyorlashning ham tartibi bor. O‘tinga qizitilgan tandir bilan alohida tillashish kerak. Tandirning nonni qabul qilishga tayyorligi novvoyning yuzida aks etadi. Belgilangan me’yorga kelgan tandirga non tartib bilan joylashtiriladi. Bir tandirda 40 ta non yopamiz. Tandirda non yarim soatda pishib tayyor bo‘ladi. Non bir xil qizarib pishishi uchun tandir haroratini me’yorda ushlash, zarur paytda suv berib turish lozim. Ba’zan shahrimizda o‘tkaziladigan nufuzli tadbirlarda non tayyorlashga to‘g‘ri keladi. Joyida borib tayyorlagan nonlarimiz o‘xshamay qolgan paytlar ham bo‘ladi. Ko‘pchilik buni joy o‘zgargani bilan izohlaydi. Aslida yuqorida aytganimdek, non tayyorlash uchun u yerda belgilangan tartib-qoidani amalga oshirish imkoni yo‘qligida. Buning boshqa siri yo‘q.

 

15.JPG

 

10.JPG

 

63 yoshli novvoy Orziqul Zohidov bu kasbni onasidan o‘rgangan. Onasi 40 yil ushbu kasb bilan shug‘ullangan. Orziqul aka ham bugun o‘z kasbini farzandlariga o‘rgatib, avloddan-avlodga o‘tayotgan qadimiy kasb davomiyligini ta’minlamoqda.

 

-O‘z soham bo‘yicha ham 20 yil turli vazifalarda ishladim. Ammo ko‘z ochib o‘rgangan kasbimizga mehr ustunlik qildi. Shuning uchun farzandlarimga ham o‘rgatdim. Uch o‘g‘il, bir qizim bor. Ular ham o‘z xonadonlarida ushbu kasb orqasidan halol rizq topib, tinch-totuv hayot kechirmoqda. Kichik o‘g‘lim men bilan birga. Kuniga 80 ta non tayyorlab, bozorga chiqaramiz. Shuning orqasida ro‘zg‘orimiz but, uydagilarning hammasi ish bilan band. Erta tongdan issiq nonni hamshaharlarimiz dasturxoniga, mehmonlarga tortiq qilishdan o‘zimiz ham xursand bo‘lamiz. Ayniqsa, xorijlik mehmonlarning nonimizga hayrat bilan boqishini ko‘rganimizda oddiy mehnatimiz bilan ularni lol qoldirayotganimizdan faxrlanamiz.

Kiritildi: 15:39 25.06.2019. O'qildi: 10906 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!