Bugun 4 mart, 2025 yil, seshanba

КИР

Sil kasalligidan himoya qilish yanada kuchaytiriladi

Sil kasalligidan himoya qilish yanada kuchaytiriladi

Joriy yilning 31 yanvar kuni Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida aholini sil kasalligidan himoya qilishni yanada kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.

Unda senatorlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, mutaxassis va ekspertlar, vazirlik va idoralar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda yuqumli kasalliklar, shu jumladan sil kasalligining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sohaning moddiy-texnik ta’minoti yaxshilanib, tibbiyot muassasalari zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlanmoqda.

Xususan, O‘zbekistonda silni davolash samaradorligi keyingi yillarda 90 foizga yetkazilib, kasallanish darajasi 1,5-2 baravarga, o‘lim holatlari 6-8 baravarga kamaygan.

Amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay, fuqarolarimiz hali ham sil kasalligiga chalinayotganligi ushbu sohada ayrim kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Shunga ko‘ra aholini sil kasalligidan asrashga qaratilgan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish talab etiladi.

Shu maqsadda Qo‘mita tomonidan sil kasalligining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha qonunchilik taklifini tayyorlash uchun mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.

Qo‘mita majlisida ishchi guruh tomonidan aholini sil kasalligidan himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan «yo‘l xaritasi» ham muhokama qilindi.

Unga ko‘ra aholini sil kasalligidan himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar inventarizasiyadan o‘tkaziladi, aholini sil kasalligidan saqlash bo‘yicha mavjud muammolar o‘rganiladi va ularning yuzaga kelish sabablari tahlil qilinadi.

Tahlil natijalariga ko‘ra va xalqaro tajribani o‘rgangan holda aholini sil kasalligidan asrashga qaratilgan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqiladi.

Muhokama yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Kiritildi: 02:10 01.02.2025. O'qildi: 781 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!