Dunyoning eng boy oilalari geosiyosiy noaniqlik va davlat qarzining o‘sishi fonida AQSh dollariga sarmoya kiritishni qisqartirmoqda, deb xabar bermoqda Reuters Shveysariyaning UBS banki tadqiqotiga tayanib.
Tadqiqot yanvar oyidan mart oyining oxirigacha olib borildi. Unda butun dunyo bo‘ylab UBSning 307 nafar mijozi ishtirok etdi. Oilalarning o‘rtacha sof kapitali $2,7 mlrdni tashkil etdi.
UBS ma’lumotlariga ko‘ra, oilaviy ofislarning taxminan uchdan ikki qismi yil davomida zaxira valyutasi sifatida dollarga bo‘lgan ishonchning zaiflashishini kutmoqda. Ko‘plab oilalar o‘z portfellarini qayta ko‘rib chiqdilar va ularning deyarli yarmi o‘z aktivlari dollarga haddan tashqari bog‘langan degan xulosaga keldi, dedi UBS strategi Maksimilian Kunkel.
"Biz birinchi marta oilaviy ofislar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida va ma’lum darajada G‘arbiy Yevropada o‘z mavqeini mustahkamlashga intilayotganini his qilmoqdamiz," - deya tushuntirdi UBS ijrochi direktori Benjamin Kavalli.
Eslatib o‘tamiz, bahorda AQShning davlat qarzi Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta Amerika iqtisodiyoti hajmidan oshib ketdi