Shveysariya fuqarolari mamlakat aholisi sonini 10 million kishi bilan cheklashni nazarda tutuvchi tashabbusni referendumda qo‘llab-quvvatlamadi. Le Temps gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, ovozlarning 83 foizi sanalgandan keyin tashabbusga qarshi ovozlar ulushi 55 foizga yetgan.
Mazkur tashabbus mualliflari parlamentdagi eng yirik siyosiy kuchlardan biri bo‘lgan o‘ng qanot konservativ Shveysariya Xalq partiyasi (SVP) edi. Ular aholi sonini cheklash orqali ommaviy migrasiya oqibatlarini yumshatish mumkinligini ta’kidlagan.
Loyihaga ko‘ra, agar Shveysariyaning doimiy aholisi 2050 yilga borib 9,5 million kishidan oshsa, hukumat va parlament boshpana berish qoidalarini qayta ko‘rib chiqishi hamda ayrim xalqaro shartnomalarga o‘zgartish kiritishi lozim edi.
Shuningdek, taklifda bu choralar samara bermagan taqdirda, Shveysariyaning Yevropa Ittifoqi bilan shaxslarning erkin harakatlanishi to‘g‘risidagi kelishuvdan chiqishi ham ko‘zda tutilgan edi. Ushbu kelishuv Yevropa Ittifoqi va Shveysariya fuqarolariga bir-birining hududida yashash va ishlash imkonini beradi.
Hozirgi kunda Shveysariya aholisi taxminan 9 million kishini tashkil etadi. Yevropa Ittifoqi bilan erkin harakatlanish to‘g‘risidagi bitim 2002 yildan beri amal qilib kelmoqda. Shu vaqtdan buyon mamlakat aholisi asosan migrasiya hisobiga qariyb 1,7 million kishiga ko‘paygan.