Bugun 6 sentyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Shomurodovning "Trabzonspor"ga transferi nega amalga oshmay qoldi?

Shomurodovning "Trabzonspor"ga transferi nega amalga oshmay qoldi?

Turkiyaning "Trabzonspor" klubi yozgi transfer oynasining so‘nggi kuniga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilgan.

Trabzon klubi hujumchi Felipe Augusto o‘rniga 18 yoshli Rene Mitongoni xarid qilgan. Biroq jamoa yosh futbolchiga muntazam o‘yin amaliyoti berish maqsadida uni ijaraga yuborishni, hujum chizig‘ini esa tajribali forvard bilan kuchaytirishni rejalashtirgan.

Jamoa bosh murabbiyi Fatih Tekkega Shomurodovning o‘yin uslubi ma’qul kelgan va o‘zbekistonlik hujumchi transfer ro‘yxatidagi asosiy nomzodlardan biri sifatida belgilangan.

Ma’lum qilinishicha, "Trabzonspor" rahbariyati 31 yoshli futbolchining transferi bo‘yicha "Bashakshehir" bilan dastlabki muzokaralarni ham o‘tkazgan. Fanatik nashriga ko‘ra, Istanbul klubi Shomurodov uchun 13-15 million yevro atrofida mablag‘ talab qilgan.

"Trabzonspor" transfer oynasi yopilguniga qadar hujum chizig‘ini Shomurodov bilan kuchaytirishni rejalashtirgan, ammo yakunda kelishuv amalga oshmagan.

"Bashakshehir" Konferensiyalar ligasi saralash bosqichidan o‘ta olmaganidan keyin ayrim yetakchi futbolchilarini sotishga qarshi bo‘lmagan. Shu bilan birga, jamoa hujum chizig‘ida Selke, Nunu da Koshta, Bertug‘ Yildirim, Umut Bozok va Shomurodov o‘rtasida raqobat yuqori.

Biroq "Bashakshehir" tomonidan belgilangan yuqori transfer narxi va "Trabzonspor"dagi legionerlar limiti bilan bog‘liq vaziyat tufayli kelishuvni transfer oynasi yopilguniga qadar yakunlashning imkoni bo‘lmagan.

Ma’lumot uchun, "Bashakshehir" Shomurodov transferi uchun jami 5,8 million yevro sarflagan. Klub 2025 yilda hujumchini "Roma"dan 3 million yevroga ijaraga olgan va keyinchalik shartnomadagi 2,8 million yevrolik to‘liq sotib olish huquqidan foydalangan.

Kiritildi: Bugun 14:15. O'qildi: 168 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!