Shimoliy Koreya yangi gipertovushli ballistik raketa sinovi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini e’lon qildi.
KXDR Markaziy axborot agentligi bergan xabarga ko‘ra, mamlakat rahbari Kim Chen In raketa sinovini videoaloqa orqali kuzatgan.
"Gipertovushli raketa tizimi Tinch okeani mintaqasida davlatimiz xavfsizligiga tahdid solishga uringan istalgan raqibni ishonchli tiyib tura oladi", deyiladi xabarda.
Pxenyan tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, tovushdan 12 karra tez raketa 1 500 kilometrgacha uchib borgan.
Avvalroq Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreya poytaxti zonasidan raketaga start berilgani va u 1 100 kilometr masofaga uchib, Yapon dengiziga qulagani haqida xabar berishgan edi.