Yakshanba kuni Pxenyan shahrida Rossiya–Ukraina urushida halok bo‘lgan Shimoliy Koreya harbiylari sharafiga Jangovor jasorat memorial muzeyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat axborot agentligi ma’lum qilishicha, marosim 26 aprel kuni — Rossiyaning Kursk viloyati ukrain qo‘shinlaridan «ozod qilingani»ning yilligiga to‘g‘ri kelgan.
Muzey ochilishi munosabati bilan Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov va Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Pxenyanga tashrif buyurgan.
Koreya axborot agentligiga ko‘ra, Kim Chen In Rossiya rahbariyatiga ikki davlat — KXDR va RF o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi «samimiy sa’y-harakatlari» uchun minnatdorlik bildirgan.
So‘nggi o‘n yillikda Rossiya va Shimoliy Koreya strategik hamkorlikni kuchaytirib kelmoqda. 2024 yil iyun oyida Pxenyanda ikki davlat o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolangan.
Janubiy Koreya va g‘arb manbalari bahosiga ko‘ra, 2024 yildan beri Shimoliy Koreya Rossiyaga taxminan 14–15 ming harbiy xizmatchi, shuningdek Ukrainaga qarshi urushda yordam berish uchun qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yuborgan. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu urushda 2000 dan ortiq shimoliy koreyalik harbiy halok bo‘lgan.