Rossiya-Ukraina urushida Shimoliy Koreya qo‘shinlarining tuzatib bo‘lmaydigan yo‘qotishlari 1100 kishini tashkil etadi, deb xabar bermoqda Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi mamlakat shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga tayanib.
Avvalroq Associated Press agentligi ismini oshkor etmagan yuqori martabali harbiy amaldorga tayanib, Kursk viloyatida Shimoliy Koreyaning “bir necha yuz” askari yaralangani yoki halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR harbiylari jangovar tajribaga ega bo‘lmagani uchun yo‘qotishlarga duch kelgan.
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan, ehtimol, Rossiyaga qo‘shimcha askar va harbiy texnika jo‘natishni rejalashtirmoqda. Razvedka tahlillari Rossiya hududida joylashgan Shimoliy Koreya qo‘shinlari sonining aylanishi yoki ko‘payishi mumkinligini ko‘rsatadi.