Seuldagi harbiy rasmiylarga ko‘ra, bir necha kun ichida Shimoliy Koreya ikkinchi marta Yapon dengizi tomon raketa uchirdi. Buni KXDR harakatlarini qoralagan Yaponiyada ham tasdiqlandi, deb yozadi DW.
Shimoliy Koreya 5 noyabr, seshanba kuni ertalab Yapon dengizi tomon kamida yettita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi, deb xabar berdi Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari (JCS) va Yaponiya Mudofaa vazirligi. Bu Shimoliy Koreyaning so‘nggi bir necha kun ichida ikkinchi ballistik raketa uchirishidir.
Seul ma’lumotlariga ko‘ra, raketalar taxminan 400 kilometrgacha uchgan. Janubiy Koreya harbiylari Yaponiya va Amerika ittifoqchilari bilan ma’lumot almashish orqali real vaqt rejimida uchirishni kuzatdi. Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Yosimasa Xayasi Shimoliy Koreyaning ballistik raketa uchirilishi “mamlakat tinchligi va xavfsizligiga tahdid soladi”, dedi.
Avvalroq, Shimoliy Koreyadan raketa uchirilishi 31 oktyabr kuni amalga oshirilgandi. AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Shimoliy Koreyaning harakatlarini “qoralab”, buni “BMT Xavfsizlik kengashining ko‘plab rezolyusiyalarini qo‘pol ravishda buzish” deb atadi.