Bugun 7 avgust, 2025 yil, payshanba

КИР

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ro‘za qanday ibodat?

A A A
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ro‘za qanday ibodat?

Ro‘za dastlab Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga hijrat qilganlaridan bir yarim yil o‘tgach, ya’ni hijratning o‘n sakkizinchi oyi, sha’bon oyining o‘ninchi kunida, qibla Baytul Maqdisdan Ka’ba tarafga o‘zgarganidan keyingi oyda farz qilingan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam to‘qqiz yil Ramazon ro‘zasini tutganlar. Ulardan ikkitasini o‘ttiz kundan, qolgan yettitasini yigirma to‘qqiz kundan tutganlar.

Arab tilidagi «sovm» (ro‘za) lug‘atda «o‘zni tiyish» degan ma’noni bildiradi. Shar’iy istilohda esa Ramazon oyida tong otganidan to quyosh botguncha niyat bilan ovqat yemaslik, ichimlik ichmaslik, jinsiy yaqinlik qilmaslik «ro‘za» deyiladi. Ro‘za tutish Islom dinining besh rukni, besh asosidan biridir, Qur’on va Sunnat bilan sobit bo‘lgan. Alloh taolo aytadi. 

«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz» 
(Baqara surasi, 183-oyat).

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Islom besh narsaga bino qilingan: «Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Allohning Rasulidir», deb guvohlik berish, namozni to‘kis ado etish, zakot berish, haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish», dedilar» (Buxoriy, Muslim).

Ro‘za aqli raso, sog‘lig‘i yaxshi bo‘lgan har bir musulmon erkakka hamda hayz va nifosdan pok bo‘lgan musulmon ayolga farz qilingan. Hayz va nifos ko‘rgan ayollar ro‘za tutishmaydi, keyin qoldirgan kunlarining qazosini tutib berishadi. Yangi oyni ko‘rib, ro‘zaga niyat qilish Ramazon ro‘zasining asosiy shartlaridandir. Ramazon oyida noshar’iy amallar qilmaslik, tilni g‘iybat, yolg‘on so‘zlardan tiyish, o‘zgaga ozor bermaslik, yaxshi xulqli va rahm-shafqatli bo‘lish ro‘zaning odoblaridandir.

Alloh taolo bandalariga karam va mehribonlik ko‘rsatish uchun bu oyni boshqalaridan farqli qilgan. Bu oyda isyonkor shaytonlar jilovlanadi, do‘zax eshiklari yopiladi, jannat eshiklari ochiladi, gunohlar mag‘firat qilinadi. Ramazon gunohlardan tiyilish, Alloh qaytargan narsalardan chinakamiga, butunlay qaytishni, sinov dunyosining mashaqqatlariga sabr qilishni o‘rganish oyidir.

Ro‘za Alloh taologa muhabbat va ixlos belgisi sifatida bajariladi. Hargiz sog‘likni tiklash va shunga o‘xshash boshqa niyatlarda emas. Bu ibodatni Alloh azza va jalladan o‘zga hech kim ko‘rmaydi, qay darajada bajarilayotganini faqatgina Uning O‘zi biladi. Alloh taolo uchun tutilgan ro‘zada banda Parvardigorning O‘zi ko‘rib turganini his qilib, ro‘zani buzmaydi. Kishi niyatsiz kunni quyosh botgunicha yemasdan, ichmasdan va jimo’ qilmasdan o‘tkazgani bilan ro‘za tutgan hisoblanmaydi, chunki ro‘zada yeyish, ichish va jimo’dan saqlanish niyat bilan bo‘lishi farzdir.

Ramazon kechasida turib saharlik qilishning o‘zi ro‘zaning niyatiga o‘tadi, chunki saharlik qilayotgan odamning ko‘ngliga ro‘za tutish niyati o‘z-o‘zidan keladi. Hanafiy mazhabida Ramazon tugagunicha har kuni niyat yangilab turiladi.

Eb-ichish ko‘paygani sari shaytoniy (shahvoniy) amallar ham ortaveradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Agar ummatim Ramazonning xislatini bilganida edi, yilning hammasi Ramazon bo‘lishini orzu qilar edi»; «Kim iymon bilan, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa va (kechalarini) ibodat bilan o‘tkazsa, gunohlaridan onasidan yangi tug‘ilgandek bo‘lib chiqadi», deganlar. Ya’ni Ramazon ro‘zasini qoldirmay tutish, kechalarni ibodatda o‘tkazish banda uchun mag‘firat so‘rash imkoni, Alloh taoloning roziligini topish uchun qulay fursatdir.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, Ramazon ro‘zasini tutishda har kungi niyatni quyosh oqqunigacha yangilab olsa ham bo‘laveradi, ya’ni kishi tongdan choshgohgacha ro‘zaga zid ish qilmay tursa, quyosh tikkaga kelishidan ozgina oldin o‘sha kunning ro‘zasi uchun niyat qilsa ham, ro‘za hisobiga o‘tadi. Lekin tongdan keyin yeb-ichib qo‘ygan bo‘lsa, keyin niyat qilsa durust bo‘lmaydi. Eng afzali vaqtida niyat qilishdir va bu masalada hamma yakdil fikrda.

Ro‘zador kishiga yana ushbular sunnatdir: 

nafsni yomon niyatlardan to‘xtatish; 

foydasiz hamda uyatsiz so‘zlarni gapirishdan va eshitishdan o‘zini saqlash; 

birov bilan urishishdan, har qanday gunoh ishlardan o‘zni tortish; 

mumkin qadar istig‘for, zikr va tasbeh bilan band bo‘lish; 

Qur’on o‘qish; 

quyosh botgan vaqtda shom namozini o‘qishdan oldin bir qultum suv bilan bo‘lsa ham og‘iz ochish; 

Ramazon oyida har kuni xufton namozidan so‘ng yigirma rakat tarovih namozi o‘qish; 

tarovih namozida Qur’oni karimni o‘qib yoki eshitib xatm qilish; 

Ramazonda xuftonni jamoat bilan o‘qigan kishining vitr namozini ham jamoat bilan o‘qishi.

Nafsni poklash va axloqni sayqallashda namoz va zakotdan keyin ro‘za ibodati keladi. Insonni yo‘ldan uradigan narsalar ichida qorin va jinsiy shahvatlar eng kuchlilaridan ekani hech kimga sir emas. Ro‘zaning foydalaridan biri xuddi o‘sha ikki shahvatni jilovlashga xizmat qilishidir. Shuning uchun ro‘za nafsni poklash va axloqni sayqallashda eng muhim omillardan biri hisoblanadi.

Banu Sulaymlik bir kishidan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «…Ro‘za sabrning yarmidir», dedilar» (Termiziy, Ibn Moja).

Sabr esa nafsning eng oliy maqomlaridan, taqvoning asosiy omillaridan biridir. Ro‘za tutgan kishining qalbida taqvo ruhi uyg‘onishi kerak. Agar kim ro‘za tutsayu, qalbida taqvo hissi uyg‘onmasa, u odam haqiqiy ro‘za tutmagan bo‘ladi. Kim iymon va e’tiqod bilan ro‘za tutsa, Alloh taolo o‘sha bandani «taqvo» deb nomlanuvchi, ikki dunyo saodatiga eltuvchi baxtga muyassar qiladi.

Ro‘zada boshqa ibodatlarda bo‘lmagan xususiyat bor. Bu mazkur ibodat Alloh taoloning O‘zigagina izofa qilinishidir. Alloh hadisi qudsiyda buni shunday bayon qilgan:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo dedi: «Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini O‘zim berurman» (Buxoriy,  Muslim).

Ro‘zaning bu kabi fazlga ega bo‘lishining ikkita ma’nosi bor: 

birinchisi: ro‘za ichki amal hisoblanadi. 

Ikkinchisi: ro‘za tutish Alloh taoloning dushmani – shaytonga qahr qilish demakdir. Ma’lumki, shahvoniy nafs yeyish va ichish bilan quvvatlanadi. Shahvoniy nafsi kuchli bo‘lgan odamga shayton o‘z amrini o‘tkazishi oson bo‘ladi. Ro‘za tutgan odamga esa shayton yaqinlasha olmaydi. 

Ro‘zaning bundan boshqa ham foydalari ko‘p bo‘lib, ularni sanab, adog‘iga yetib bo‘lmaydi.

«Mo‘minning qalqoni» kitobidan

Kiritildi: 05:00 22.04.2020. O'qildi: 7827 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!