Telefon raqam shaxsga doir ma’lumotga kiradimi? Facebook, Instagramdagi ma’lumotlar ochiq bo‘lsa, ulardan foydalansa bo‘ladimi?
1. Telefon raqam shaxsga doir ma’lumotga kiradimi?
Ha, telefon raqam shaxsga doir ma’lumot hisoblanadi.
Shaxsga doir ma’lumotlar – muayyan shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikasiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot.
Shunga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlar qatoriga shaxsning ism-familiyasi, pasporti (ID) va boshqa shaxsiy hujjatlaridagi qaydlar, tug‘ilgan sanasi va joyi, e-mail manzili, telefon raqami, yashash, o‘qish va ishlash joylari, oilaviy, ijtimoiy va mulkiy holati, qayerda ta’lim olgani, qaysi kasb egasi ekanligi, daromadi qanchaligi, fiziologik va biologik xususiyatlari kabi ma’lumotlar kiradi.
2. Shaxsga doir ma’lumotlardan qanday hollarda foydalanish mumkin?
Shaxsga doir ma’lumotlarga quyidagi holatlarda ishlov berish mumkin:
Ishlov berish deganda ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish tushuniladi
ma’lumot egasining roziligi bo‘lganida, masalan Bringo, Yandex va boshqalardan foydalanganda;
ma’lumot egasi shartnomaga kirishganda, Edu.uz portali orqali o‘qishga hujjat topshirganda;
davlat organlari yoki boshqa sub’ektlarning qonunchilikda belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun, masalan, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish, doimiy ro‘yxatga olish, pasport yoki ID berish;
ma’lumot egasining yoki boshqa shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun, masalan sud jarayonlarida, qarzni undirish masalalari, “Uzimei”dan ro‘yxatdan o‘tkazish va h.z;
ma’lumot egasining yoki boshqa shaxsning huquqlarini amalga oshirish uchun, masalan ejarima.uz portalida ma’lumotlardan foydalanish;
shaxsga doir ma’lumotlarga ularni majburiy ravishda egasizlantirish sharti bilan statistik yoki boshqa tadqiqot maqsadlarida ishlov berilganda, masalan, Statistika agentligi tomonidan ma’lumotlarga ishlov berish;
ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalardan olingan bo‘lsa, masalan ijtimoiy tarmoqlardagi, rasmiy veb-saytlardagi ma’lumotlar.
3. Shaxsga doir ma’lumotlardan boshqa maqsadlarda foydalanish mumkinmi?
Yo‘q, mumkin emas. Shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish ularni yig‘ayotganda aytilgan maqsadlarga muvofiq bo‘lishi kerak, masalan davlat xizmati ko‘rsatish jarayonida boshqa shaxs ma’lumotlarini bilib olib uning nomidan kredit olish yoki boshqa bir harakat qilish mumkin emas.
Shaxsga doir ma’lumotlar boshqa uchinchi shaxsga berish ma’lumot egasi xohishiga ko‘ra amalga oshiriladi, agar ma’lumotlar boshqa shaxsga berilganda, ma’lumot egasi 3 kunda yozma xabardor qilinishi kerak.
Quyidagi hollarda ma’lumot egasi xabardor qilinmaydi:
davlat organlari vakolatlarini amalga oshirayotganda;
ma’lumotlar tarixiy, statistik, sosiologik yoki ilmiy maqsadlarda berilganda;
shaxsga doir ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalardan yig‘ilganda.
4. Shaxsga doir ma’lumotlarni egasining roziligisiz tarqatish mumkinmi?
Ma’lumot egasining roziligisiz hamda qonuniy asos bo‘lmaganida shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor etish va tarqatish mumkin emas.
Erkin foydalanilishi mumkin bo‘lgan yoki maxfiylikka rioya etishga doir talablar tatbiq etilmaydigan ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar hisoblanadi.
Aholini axborot bilan ta’minlash uchun shaxsga doir ma’lumotlarning hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalari (shu jumladan biografik ma’lumotnomalar, telefon, manzil kitoblari, hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan elektron axborot resurslari) yaratilishi mumkin.
Masalan, davlat va xususiy tashkilotlar saytlariga joylashtirilgan xodimlar, rahbarlarga oid ma’lumotlar. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarga shaxs o‘zi joylagan ma’lumotlar.
5. Shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatganlik uchun qanday javobgarlik bor?
Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish fuqarolarga BHMning 7 baravari, mansabdor shaxslarga esa – 50 baravari miqdorida ma’muriy jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu harakatlar ma’muriy jarimadan keyin sodir etilsa BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.